Logo

AQSh ommaviy axborot vositalari Prezident Donald Trampning O'zbekistonga ehtimoliy tashrifi haqida yozmoqda

Sentabr 12, 2025. 11:26 • 2 daq

235
AQSh ommaviy axborot vositalari Prezident Donald Trampning O'zbekistonga ehtimoliy tashrifi haqida yozmoqda

VASHINGTON, 12-sentyabr. /"Dunyo" AA/. AQShning "Eurasianet" elektron nashrida "Donald Tramp Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan birinchi AQSh Prezidenti bo'la oladimi?" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada O'zbekiston Prezidentining AQSh yetakchisi bilan joriy yil 5-sentyabrda o'tkazgan telefon orqali muloqoti va Prezident Donald Trampning Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrif buyurish rejalari haqida so'z borada. "Telefon orqali muloqot chog'ida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu g'oyani ilgari surdi", – deyilgan materialda.


Muallifga ko'ra, Prezident Donald Tramp Markaziy Osiyoga tashrif buyuradimi yoki yo'q, hozircha noma'lum. O'zbekiston tomoni tarqatgan rasmiy bayonotga ko'ra, 5-sentyabr kuni bo'lib o'tgan telefon orqali muloqot chog'ida Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh yetakchisi Donald Trampni "qulay vaqtda" O'zbekistonga tashrif buyurishni taklif qildi. AQShning O'zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik o'zbek jurnalistlariga taklif "ijobiy qabul qilinganini" aytdi.


"Vashingtondagi manbalarning "Eurasianet" ma'lum qilishicha, 9-sentyabr holatiga ko'ra, Markaziy Osiyoga tashrif bo'yicha hech qanday qaror qabul qilinmagan. O'zbekiston Donald Trampning ikkinchi Prezidentlik muddatida Oq uy bilan muloqot qilishda eng faol Markaziy Osiyo davlati bo'lmoqda ", – deyiladi materialda.


Nashrda ma'lum qilinganidek, shu yil aprel oyida O'zbekiston tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya Oq uyda bo'ldi. O'zbekiston, shuningdek, AQShdan muhojirlarni deportatsiya qilish uchun bir necha charter reyslarini tashkil qildi.


"Mamlakat Donald Trampning ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lgan muhim foydali qazilmalarning muhim zaxiralarini faol ravishda targ'ib qilmoqda. Aprel oyida O'zbekiston delegatsiyasi Amerika kompaniyalari bilan konchilik bo'yicha bir qancha shartnomalar imzoladi. Ikki mamlakat yetakchilari o'rtasida kechgan telefon muloqotida ham muhim foydali qazilmalar va iqtisodiy hamkorlikning boshqa sohalari muhokama qilindi", – deya urg'ulangan manbada.


Muallif, shuningdek, O'zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev 2018-yilda Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida Oq uyga rasmiy tashrif bilan kelganini va O'zbekiston rahbari munosib kutib olingani haqida yozgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish