O'zbekiston ilgari surilayotgan xalqaro transport-logistika loyihalari Qozog'iston OAV diqqat markazida

Sentabr 28, 2023. 07:47 • 3 daq

101
O'zbekiston ilgari surilayotgan xalqaro transport-logistika loyihalari Qozog'iston OAV diqqat markazida

OSTONA, 28-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Qozog'istonning ommabop "Infozakon" onlayn nashrida «O'zbekiston va mintaqaning transport-logistika salohiyati» sarlavhali tahliliy maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahrida bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqida transport aloqasi masalalariga to'xtalar ekan, asosiy tashqi bozorlardan jug'rofiy jihatdan uzoqligini hisobga olganda, bizning mamlakatlarimizda yuklarni tashish uchun ketadigan xarajatlar ulushi tovarlarning so'nggi qiymatiga nisbatan 50 foizgacha yetayotganini aytib o'tgani qayd etilgan.

«O'zbekiston Prezidenti, shuningdek, mamlakatlarimizning transport sohasidagi salohiyatini yana-da oshirish maqsadida tarmoq vazirlari uchrashuvlari doirasida Markaziy Osiyoda Transport va tranzit haqidagi bitimni ishlab chiqish, biznes uchun qulay bo'lgan oraliq tariflarni qo'llagan holda, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun samarali transport koridorlarini rivojlantirish bo'yicha aniq mexanizmlarni shakllantirish takliflarini ilgari surdi», - deya qayd etgan onlayn nashr.

 Maqolada joriy yilning birinchi yarmida O'zbekiston va mintaqa davlatlari o'rtasida yuk tashish hajmi 23,3 million tonnani tashkil etgani, bu ko'rsatgich, 2022 yilning shu davriga nisbatan 22,9 foizga ko'p ekanligi xabar qilingan.

«Bugungi kunda xalqaro maydonda ro'y berayotgan siyosiy voqealar natijasida xalqaro logistika yo'nalishlari tubdan o'zgarmoqda. Markaziy Osiyoda transport infratuzilmasini rivojlantirish Yevroosiyoning keng hududida barqarorlashtiruvchi rol o'ynab, nafaqat tranzit yo'lagi, balki Shimol – Janub va Sharq – G'arbni bog'lovchi ishlab chiqarish va logistika markazi vazifasini ham bajarayapti», -deb ta'kidlangan materialda.

"Infozakon", shuningdek, Markaziy Osiyoning transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida O'zbekiston tashabbusi bilan ikkita loyiha – Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston va O'zbekiston – Afg'oniston – Pokiston temir yo'l liniyalarini qurish rejalashtirilgani haqidagi ma'lumotlarni o'quvchilar e'tiboriga havola qilgan.

"Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston" temir yo'lining qurilishi Xitoy-Yevropa yuk oqimlarining ma'lum qismini Markaziy Osiyo, jumladan, O'zbekiston orqali yo'naltirish, eksport-import yuklarini tashishda transport xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi, - davom etadi manba.- Bundan tashqari, O'zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o'rganish markazi tomonidan Xitoy – Qozog'iston – Qirg'iziston – O'zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya multimodal transport koridorini shakllantirish bo'yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi».

 Nashrda O'zbekiston-Afg'oniston-Pokiston temir yo'l liniyasining qurilishi, birinchi navbatda, qo'shni Afg'onistondagi siyosiy vaziyatni yaxshilashga, mintaqa davlatlarining Pokiston portlari orqali Hind okeaniga chiqishiga xizmat qilishi alohida urg'ulangan.

«Bir so'z bilan aytganda, Markaziy Osiyo davlatlari mintaqani barqaror rivojlantirish yo'lida faol hamkorlik qilmoqda va shu fonda transport logistikasi masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilyapti», - deb yozgan "Infozakon".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish