Pokiston OAV: O'zbekistonning "C5+1"dagi faol ishtiroki AQSh bilan ikki tomonlama sheriklikni chuqurlashtirish siyosati bilan uyg'un
Noyabr 08, 2025. 11:44 • 4 daq
• 62
ISLOMOBOD, 8-noyabr. /"Dunyo" AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amalga oshirayotgan amaliy tashrifi davomida O'zbekiston-AQSh ikki tomonlama munosabatlariga bag'ishlagan turkum maqolalarni tarqatdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, ushbu mamlakatning "Margalla Tribune" jurnali, "Daily Spokesman" gazetasi, "World News" yangilik platformacida "O'zbekiston – AQSh: strategik sheriklik mintaqalararo hamkorlik drayveri sifatida" sarlavhali maqolani e'lon qildi.
Nashrlarda 4-noyabr kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Vashington shahriga borgani xabar qilingan. Ta'kidlanganidek, Vashingtonda davlat rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining "C5+1" formatidagi sammitida ishtirok etdi. Shuningdek, AQSh Prezidenti Donald Tramp, Senat va Kongress vakillari hamda turli vazirlik va idoralar rahbarlari bilan uchrashuvlar o'tkazdi.
"2015-yil noyabr oyida Samarqandda ishga tushirilgan "C5+1" formati mintaqaviy taraqqiyot, iqtisodiy barqarorlik, ekologiya, energetika va xavfsizlik masalalarida hamkorlik va muvofiqlashtirishning muhim mexanizmiga aylandi. Uning asosiy maqsadi – doimiy diplomatik muloqotni yo'lga qo'yish, dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish, transport va energetik bog'liqlikni mustahkamlash, savdo, biznes va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishdir. Ushbu formatning birinchi yig'ilishida qabul qilingan "Hamkorlik va sheriklik to'g'risida"gi qo'shma deklaratsiya AQShning Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo'llab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqladi", – deb yozgan Pokiston OAV.
"C5+1" yetakchilarining ilk sammiti 2023-yil sentyabrda Nyu-Yorkda bo'lib o'tdi va keng qamrovli kun tartibini ilgari surishga kuchli turtki berdi. Ushbu sammit xususiy sektor biznes-platformasi "V5+1" (2024-yil mart, Olmaota sh.) va Muhim minerallar bo'yicha muloqot (2024-yil fevral) kabi tashabbuslarning ishga tushirilishi bilan yodda qoldi. Format doirasida 13 marotaba vazirlar darajasida, 3 marotaba esa yuqori darajadagi uchrashuvlar o'tkazildi. Shuningdek, iqlim, rivojlanish, Afg'oniston va boshqa ustuvor yo'nalishlar bo'yicha maxsus forumlar tashkil etildi.
Pokiston OAV ta'kidiga ko'ra, O'zbekiston "C5+1" formatida faol va konstruktiv pozitsiyani egallab, o'zaro hamkorlikning institutsionallashuvi, chegara xavfsizligini mustahkamlash, iqlim va ekologik muammolarga qarshi kurashishni faollashtirish, savdo, investitsiyalar, transport va energetika yo'nalishlaridagi loyihalarni davom ettirish, shuningdek, Afg'onistonga oid tashabbuslarni qo'llab-quvvatlab kelmoqda. "Rasmiy Toshkent ilgari surgan ko'plab tashabbuslar, xususan "C5+1 virtual kotibiyati"ni tashkil etish (2021), TIFA doirasidagi uchrashuvlar (2023-yil mart, Samarqand), sun'iy intellekt va ta'lim sohalaridagi loyihalarni jadallashtirish (C5+1) kabi takliflar amaliy hayotga tatbiq etildi. Ushbu ko'p tomonlama tashabbuslarning amaliy natijalari ham yaqqol ko'zga tashlanmoqda" – deyilgan maqolalarda.
Maqolalarda O'zbekistonning "C5+1"dagi faol ishtiroki AQSh bilan ikki tomonlama sheriklikni chuqurlashtirish siyosati bilan uyg'un ekanligi alohida qayd etilgan. Hamkorlik siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, fan va madaniyat kabi barcha yo'nalishlarda jadal rivojlanmoqda.
Qayd etilishicha, 1992-yil 19-fevralda diplomatik munosabatlar o'rnatilganidan buyon rasmiy Toshkent va Vashington o'rtasidagi munosabatlar salmoqli yo'lni bosib o'tdi. Muqobil burilish nuqtasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 15–17-may kunlari AQShga buyurgan rasmiy tashrif bo'ldi. Ushbu tashrif strategik sheriklikning yangi davrini boshlab berdi. Prezident shuningdek, 2017-yil may oyida Ar-Riyozdagi sammitda, 2017- va 2025-yil sentyabr oylarida BMT Bosh Assambleyasi sessiyalari doirasida AQSh yetakchilari bilan uchrashuvlar o'tkazgan.
2021-yilda ikki tomonlama siyosiy muloqot "O'zbekiston-AQSh strategik sheriklik muloqotiga"ga aylantirildi. Uning yig'ilishlari ikki davlat poytaxtlarida navbatma-navbat o'tkazilib kelinmoqda. 2024-yil 13-noyabrda Vashingtonda bo'lib o'tgan to'rtinchi yig'ilishda bu formatning maqomini "Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti" darajasiga ko'tarishga kelishib olindi.
Pokiston nashrlari, shuningdek, AQSh O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo'lishini qo'llab-quvvatlayotganini ta'kidlagan. Ma'lum qilinganidek, 2024-yil dekabrda O'zbekistonning JSTga kirishi bo'yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlovchi Bayonnoma imzolandi. Bu mamlakatimizning jahon savdo tizimiga integratsiyasida muhim qadamdir.
"Bundan tashqari, AQSh O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ichki islohotlarni izchil qo'llab-quvvatlamoqda. Davlat departamenti va Mehnat departamenti hisobotlarida odam savdosiga qarshi kurashish va bolalar mehnatining eng yomon shakllarini bartaraf etishdagi yutuqlar e'tirof etilgan. O'zbekiston paxtasi bolalar mehnati bilan bog'liq mahsulotlar ro'yxatidan chiqarildi. 2020-yil dekabr oyida esa O'zbekiston vijdon erkinligi bo'yicha "alohida xavotir uyg'otuvchi mamlakatlar" ro'yxatidan chiqarildi; 2024-yil aprel oyida AQSh Savdo vakolatxonasi O'zbekistonni intellektual mulkni himoya qilish bo'yicha kuzatuv ro'yxatidan chiqarish to'g'risida qaror qabul qildi", – deya urg'ulangan manbalarda.
Maqolalar xulosasida, "Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga amalga oshirayotgan amaliy tashrifi hamda "C5+1" sammitidagi ishtiroki ikki tomonlama va ko'p tomonlama yo'nalishlarda amaliy loyihalarni jadallashtirishga kuchli turtki beradi. Tashrif, shuningdek, siyosiy muloqotni mustahkamlaydi, avval imzolangan investitsiya kelishuvlarini amalga oshishini tezlashtiradi, ta'lim va madaniy almashinuvlarni kengaytiradi, energetika, transport va raqamli texnologiyalarga doir loyihalarni kelishish va amalga oshirishga qo'shimcha turtki beradi", – deb yozgan Pokiston OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi