Pokiston OAV: Termizdagi xalqaro transport-logistika xabiga global ta'minot ombori maqomining berilgani O'zbekistonning xalqaro gumanitar tashabbuslarda faol ishtirokidan darak beradi

Mart 27, 2025. 14:59 • 2 daq

54
Pokiston OAV: Termizdagi xalqaro transport-logistika xabiga global ta'minot ombori maqomining berilgani O'zbekistonning xalqaro gumanitar tashabbuslarda faol ishtirokidan darak beradi

ISLOMOBOD, 27 mart. /"Dunyo" AA/. Pokiston ommaviy axborot vositalarida Termizdagi Xalqaro ko'p funksiyali transport va logistika xabiga BMT Qochqinlar ishlari bo'yicha oliy komissarligi boshqarmasi Global ta'minot tarmog'ining rasmiy ombori maqomi berilganiga doir turkum maqolalar e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 Jumladan, mazkur voqelik Pokistondagi ommabop – "Diplomatic News Agency – DNA" axborot agentligi, "Pakistan in the World" va "Diplomatic Insight" jurnallari, "Pakistan Today" "Islamabad Post" va "Daily Spokesman" gazetalari, "The Gulf Observer" va "The Europe Today" onlayn platformalari tomonidan keng yoritildi.

Maqolalarda Termiz logistika xabi 2022 yilda O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgani, maqsadi BMT, xalqaro tashkilotlar va boshqa davlatlar tomonidan Afg'oniston va boshqa mamlakatlarga insonparvarlik yordami yetkazib berishni markazlashtirilgan tarzda amalga oshirishdan iborat ekanligi ta'kidlangan.

Shuningdek, mamlakatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi nutqida xalqaro hamjamiyat e'tiborini Afg'oniston muammosini hal qilishda sa'y-harakatlarni birlashtirishga, bu jarayonda afg'on xalqiga insonparvarlik yordamining uzilib qolmasligi zarurligiga qaratganiga e'tibor qaratilgan.

"Termiz transport-logistika xabining mintaqaviy va xalqaro darajadagi strategik ahamiyati juda katta. Endilikda Termiz Iordaniyaning Amman, BAAning Dubay, Keniyaning Nayrobi, Gananing Akkra, Kamerunning Duala, Daniyaning Kopengagen va Panamaning Panama-Siti shaharlaridan keyin BMT Qochqinlar ishlari bo'yicha oliy komissarligi Global ta'minot tarmog'ida rasmiy ombor maqomini olgan sakkizinchi shahar sifatida butun dunyo bo'ylab gumanitar yordam yetkazib berish samaradorligiga hissa qo'shadi", – deb yozgan Pokiston OAV.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish