Yevropa OAV mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat ko'rsatishi uchun mustahkam huquqiy zamin yaratilgani haqida
Oktabr 27, 2023. 14:50 • 2 daq
• 132
BRYUSSЕL, 27-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Yevropaning "EU Political Report" sayti sahifasida "O'zbekistonda qonun jurnalistlarning adolatli tanqidini qo'llab-quvvatlaydi" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri.
O'zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori Gulnora Bobojonova qalamiga mansub ushbu maqolada mamlakatimizda mustaqil rivojlanish yillari davomida butun ijtimoiy-siyosiy hayotni isloh qilish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgani va bunda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib kelinayotgani bilan bog'liq masalalar atroflicha qalamga olingan.
Muallif hozirgi paytda O'zbekistonda 2140 ta ommaviy axborot vositasi faoliyat ko'rsatayotgani va bu 2016-yildagiga nisbatan 626 taga ko'p ekanligini qayd etgani holda ularning 65 foizi nodavlat ommaviy axborot vositalari hissasiga to'g'ri kelishini ta’kidlaydi.
Maqolada mamlakatimizda an’anaviy ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda internet nashrlar ham jadal rivojlanayotgani, bugungi kunda ularning soni 745 taga yetgani holda internet jurnalistikasi o'quvchilarining soni muttasil o'sib borayotgani ma’lum qilingan.
"Ommaviy axborot vositalari davlat hokimiyati va xalq o'rtasida faoliyat ko'rsatadigan jamiyatning eng muhim instituti hisoblanadi, jamiyat va hukumatning mamlakatda sodir bo'layotgan barcha o'zgarishlar va voqea-hodisalardan xabardorligi ommaviy axborot vositalarining sifati va o'z vaqtida ishlashiga bog'liq. Bu yo'nalishdagi samarali muloqot islohotlardan ko'zlangan barcha vazifalarining aniq va to'g'ri amalga oshirilishiga ko'maklashadi", deb yozadi muallif.
Ushbu maqolada mamlakatimizda so'z erkinligi va axborot olish erkinligini ta’minlash, yanada shaffoflikka erishishda kafolatlarga rioya qilish, OAV faoliyatini huquqiy tartibga solish, jurnalistlar faoliyati va kasbiy huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari haqidagi barcha muhim ma’lumotlar o'quvchilarning e’tiboriga havola qilingan.
Muallif o'z maqolasida mamlakatimizda qonun jurnalistlarning adolatli tanqidini qo'llab-quvvatlashini alohida ta’kidlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi