Logo

O'zbekistonning TDT doirasidagi iqtisodiy tashabbuslari Shveysariya OAV diqqat markazida

Oktabr 07, 2025. 09:40 • 2 daq

83
O'zbekistonning TDT doirasidagi iqtisodiy tashabbuslari Shveysariya OAV diqqat markazida

JENEVA, 7-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Shveysariyaning "Diva International" elektron jurnalida Iqtisodiy tadqiqotlar va taraqqiyot markazi direktori Obid Hakimovning O'zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi iqtisodiy tashabbuslarini amalga oshirishga bag'ishlangan maqolasi e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda qayd etilishicha, O'zbekiston TDTga a'zo bo'lgan nisbatan qisqa muddat ichida kuzatuvchi davlatdan integratsiya loyihalarining asosiy tashabbuskoriga aylandi. Mamlakat tashkilotning iqtisodiy kun tartibini faol shakllantirmoqda, savdo, investitsiya, transport, raqamlashtirish va barqaror rivojlanish sohalarida tashabbuslarni ilgari suryapti.

"Bugun biz nafaqat deklarativ takliflar, balki turkiy mamlakatlarning umumiy iqtisodiy makonini shakllantirishda O'zbekistonning roli ortib borayotganini tasdiqlovchi ularni amaliy amalga oshirishning dastlabki natijalari haqida ham gapirishimiz mumkin. O'zbekiston Prezidenti 2018-yilda TDT sammitida ilk bor ishtirok etganidan buyon mamlakat iqtisodiyot, transport, raqamli texnologiyalar, ekologiya, gumanitar hamkorlik kabi sohalarda izchillik bilan aniq takliflarni ilgari surmoqda", – deb yozgan muallif.

Uning ta'kidlashicha, so'nggi yetti yil davomida O'zbekiston tashabbuslari tizimli bo'lib, uzoq muddatli iqtisodiy integratsiya strategiyasini shakllantirdi va TDT mamlakatlari o'rtasida sarmoyaviy faollik va sanoat kooperatsiyasini faollashtirdi.

"Transport-logistika kun tartibidagi yutuqlar bundan kam ahamiyatli emas. O'zbekiston tashabbusi bilan temir yo'l ma'muriyatlari kengashini tuzish bo'yicha muzokaralar boshlandi, elektron ruxsatnomalar va e-TIR tizimlarini joriy etish bo'yicha hujjatlar kelishib olindi. Ushbu vositalar kelajakda yagona raqamli transport makonining asosini tashkil qiladi, garchi amalda biz hali ham tajriba loyihalari va kelishilgan yo'l xaritalari haqida gapiryapmiz, – deya urg'ulagan ekspert.

Investitsiyaviy hamkorlik ham ijobiy dinamikani ko'rsatmoqda. Xususan, 2017-2024-yillarda O'zbekistonga TDT mamlakatlaridan kiritilgan investitsiyalar hajmi 7,5 milliard dollardan oshdi, qo'shma korxonalar soni esa 4,5 barobar oshdi. Turkiya qurilish, to'qimachilik va logistika sohalariga 1,8 milliard dollar sarmoya kiritgan yetakchi investor hisoblanadi.

"O'tgan TDT sammitlari tashkilotda tizimli iqtisodiy integratsiya uchun allaqachon asos borligini ko'rsatdi. O'zbekistonning Turkiy investitsiya jamg'armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish, "yashil" yo'laklar va raqamli savdo maydonchalarini ishga tushirish, transport kengashlari va yillik iqtisodiy forumlarni shakllantirish bo'yicha takliflari izchil kuchaytirilishi kerak bo'lgan yo'nalishni belgilab berdi", – deb yozgan muallif.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish