«Times Kuwait» gazetasi: Oʻzbekistonda davlat tili bilan birga boshqa tillarni oʻrganishga teng sharoitlar yaratilgan
Oktabr 21, 2025. 07:29 • 3 daq
• 56
AL-KUVAYT, 20-oktabr. "Dunyo" AA/. Kuvaytning "Times Kuwait" gazetasida "Oʻzbekistonda 21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda ma'lum qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasining "Davlat tili toʻgʻrisida"gi Qonuni bundan 36-yil oldin, 1989-yil 21-oktabrda – qabul qilingan. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 21-oktabrda imzolangan "Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmoniga binoan ushbu tarixiy sana bayram kuni sifatida belgilandi.
"Oʻzbek tili – Oʻzbekiston aholisining mutlaq koʻpchiligi tashkil qiladigan oʻzbek xalqining ona tilidir. U Oʻzbekiston birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili hisoblanadi", – deb yozilgan nashrda.
Nashrda bugungi kunda Oʻzbekiston 150 ta milliy madaniy markaz ish yuritayotgani, oʻzbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman tillarida ommaviy axborot vositalari faoliyat koʻrsatayotgani, maktablarda ta'lim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda olib borilayotgani, bu dunyo amaliyotidagi noyob tajriba ekanligi ta'kidlangan. Shuningdek, respublikada chet tillarga ixtisoslashgan va oʻquv mashgʻulotlari xorijiy tillarda oʻtiladigan ta'lim maskanlari soni ortib borayotganligi urgʻulangan. Ya'ni Oʻzbekistonda davlat tili bilan birga boshqa tillarni oʻrganishga teng sharoitlar yaratilgan.
"Oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni koʻpligiga koʻra, sayyoramizda eng keng tarqalgan 40 ta tildan biri hisobladi. Hozirgi vaqtda yer yuzida oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi esa uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi", – deya ta'kidlangan materialda.
Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda barcha soha va tarmoqlarda ona tilini qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi amaliy ishlar yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Bu oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obroʻ-e'tiborini tubdan oshirish boʻyicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar samaralarini yaqqol tasdiqlaydi.
Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyat koʻrsatmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tarkibida amaliy filologiya va kompyuter lingvistikasi boʻyicha yangi yoʻnalishlar ochilgan. Universitet qoshida Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi, 6 ta maxsus oʻquv kursi va Alisher Navoiy xalqaro jamgʻarmasi tashkil etilgan.
Maqolada yozilishicha, Oʻzbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo boʻlgani Tashkilot doirasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bilan birga, turkiy tillar, xususan, oʻzbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Mamlakat tashabbusi bilan mazkur tashkilotning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta'sis etildi.
"Yangi Oʻzbekistonda oʻzbek tilining mamlakat xalqi ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-e'tiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, jamiyat hayotida davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni ta'minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim", – deyilgan maqola xulosasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari