Logo

Germaniyadan munosabat: O'zbekistonning TDTdagi faol ishtiroki mamlakatning nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun turkiy dunyoda strategik muhim davlat sifatidagi rolini mustahkamlashga xizmat qiladi

Oktabr 13, 2025. 12:12 • 2 daq

33
Germaniyadan munosabat: O'zbekistonning TDTdagi faol ishtiroki mamlakatning nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun turkiy dunyoda strategik muhim davlat sifatidagi rolini mustahkamlashga xizmat qiladi

BERLIN, 13-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniya Iqtisodiy rivojlanish va tashqi savdo federal assotsiatsiyasi boshqaruvchi direktori Urs Unkauf "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonda bo'lib o'tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) navbatdagi sammitidagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Ozarbayjonning Gabala shahrida TDTning "Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik" mavzusida bo'lib o'tgan navbatdagi sammiti nafaqat xavfsizlik, balki iqtisodiy, ijtimoiy, gumanitar sohalarda ham hamkorlikni yanada mustahkamlash yo'lidagi navbatdagi muhim voqelik bo'ldi, deb o'ylayman.

O'zbekiston Prezidentining sammitdagi nutqida ilgari surgan taklif va tashabbuslari a'zo davlatlar o'rtasida iqtisodiy hamkorlikni yana-da mustahkamlash va rivojlantirish yo'lida konstruktiv xarakteri bilan ajralib turdi.

Davlat rahbari ta'kidlagani kabi, Turkiy davlatlar o'rtasida strategik sheriklik, abadiy do'stlik va qardoshlik to'g'risidagi shartnomaning yaqin kelajakda qabul qilinishi a'zo davlatlar o'rtasida faol va jadal shakllanib borayotgan uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam asosini yaratish imkonini beradi.

O'zbekiston Prezidentining Tashkilotning 2030-yilga qadar bo'lgan rivojlanish strategiyasi va maxsus "yo'l xaritasi"ni ishlab chiqish taklifi barcha yo'nalishlarda amaliy hamkorlikni tizimli amalga oshirish va samaradorlikka erishish uchun zarur vosita bo'lib xizmat qiladi, deb o'ylayman.

Qayd etilganidek, jahon savdo va iqtisodiyotidagi bugungi beqaror vaziyatda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, savdo, biznes va o'zaro investitsiyalar uchun qulay sharoitlar, huquqiy baza va infratuzilmani yaratish mintaqaviy iqtisodiy barqaror rivojlanishning eng muhim omili hisoblanadi.

O'zbekiston Prezidenti "O'rta yo'lakni" rivojlantirish borasida mazkur yo'lak raqobatbardoshligini ta'minlash, maqbul tranzit tariflarini qo'llash, zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish va raqamlashtirilgan bojxona tartibotini joriy qilish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish ustuvor vazifa ekanligini ta'kidladi va ishtirokchilar e'tiborini ayni paytda qurilayotgan Xitoy – Qirg'iziston – O'zbekiston temir yo'li va Transafg'on yo'lagining mintaqa kelajagi uchun ahamiyatiga qaratdi.

Ishonchim komilki, O'zbekistonning TDTdagi faol ishtiroki mamlakatning nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki butun turkiy dunyoda ham strategik muhim a'zo davlat sifatidagi rolini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish