Logo

Germaniyadan munosabat: Imzolangan bitim Yevropa kompaniyalarining O'zbekistonga bo'lgan ishonchini va mamlakatga sarmoya kiritish istagini oshishiga xizmat qiladi

Oktabr 27, 2025. 11:34 • 3 daq

42
Germaniyadan munosabat: Imzolangan bitim Yevropa kompaniyalarining O'zbekistonga bo'lgan ishonchini va mamlakatga sarmoya kiritish istagini oshishiga xizmat qiladi

BERLIN, 27-oktyabr. /"Dunyo" AA/. "Jura One" huquqshunoslik maktabi rahbari va "Laurea Germania" kompaniyasi bosh direktori Zyoren Kroll (Germaniya) "Dunyo" AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga buyurgan tashrifi yakunlari va O'zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o'rtasida imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolanishining ahamiyati haqidagi fikrlarini bayon qildi:

– O'zbekistonda qariyb o'n yildan beri faoliyat yuritayotgan va mamlakat bilan chambarchas bog'liq tadbirkor sifatida men O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim imzolanganidan juda mamnunman.

Bu bitimning imzolanishi so'nggi o'n yillikda O'zbekistonda amalga oshirilgan izchil rivojlanishlar hamda mamlakatning barcha sohalarda dunyoga, Yevropa tomon ochilishining mantiqiy natijasi, deb o'ylayman. Shuningdek, uzoq yillardan buyon olib borilgan bir necha bosqichlardan o'tgan chora-tadbirlar natijasi hamdir. Xususan, oxirgi bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi" sammitida ham bir qator kelishuvlarga erishilgan edi. Endi esa O'zbekiston bilan hamkorlikning aniq yo'nalishlari belgilandi. Shu bois, bu tarixiy voqea siyosiy va savdo-iqtisodiy sohalarda Yevropaga nisbatan olib borilgan uzoq muddatli ochiqlik siyosatining mantiqiy davomi hisoblanadi. 

Ta'kidlash joizki, ushbu hujjat YEI mamlakatlari, jumladan Germaniya uchun ham manfaatli, chunki bu orqali hamkorlikning siyosiy va huquqiy asosi yaratildi.

Bitim siyosat, savdo-iqtisodiy hamda xavfsizlik sohalarida shakllangan aloqalarni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish uchun mustahkam asos yaratadi va Yevropa kompaniyalarining O'zbekistonga bo'lgan ishonchini va mamlakatga sarmoya kiritish istagini oshishiga xizmat qiladi.

Yevropada muhim hisoblangan bir nechta tamoyillar mavjud. Ulardan biri — umumiy qadriyatlarga sodiqlikdir. Ushbu bitimda, Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitida bo'lgani kabi, demokratiya, huquq ustuvorligi, asosiy erkinliklar va barqaror rivojlanish tamoyillariga sodiqlik qayd etilgan. Bu esa iqtisodiy hamkorlik uchun ham mustahkam poydevor sanaladi.

O'zbekistonga ko'rsatilgan ishonch mamlakatning so'nggi yillardagi rivojlanishi natijasida paydo bo'ldi va o'zini oqladi. Ayniqsa, 2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida global miqyosda olib borilgan ochiqlik siyosati va 2023-yilda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishini eslash joiz. Unda ham asosiy qadriyatlar mustahkam o'rin olgan. Shuning uchun mazkur bitim tasodifiy emas, balki O'zbekistonning rivojlanish jarayonining mantiqiy natijasi, deb hisoblayman.

O'zbekiston Prezidentining Belgiyaga rasmiy tashrifi doirasida bo'lib o'tgan ishbilarmonlar bilan uchrashuvda yirik yevropalik kompaniyalar vakillarining ishtiroki buning yaqqol isboti bo'ldi.

Germaniya Yevropa Ittifoqining a'zo davlati sifatida, albatta, ushbu bitimdan manfaatdor. Hozirda O'zbekistonda Germaniyaning 200dan ortiq kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Germaniya va Yevropaning umumiy qadriyatlari endilikda O'zbekiston bilan ham aniq ifodalangan bo'lib, bu Germaniyada ham mamlakatga bo'lgan ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish