Xitoy kompaniyasi O'zbekistonda quyosh energiyasi tizimlari uchun uskunalar ishlab chiqarish imkoniyatlarini o'rganmoqda
Dekabr 08, 2023. 10:20 • 2 daq
• 506
GUANCHJOU, 8-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi xodimlari «Laplace Energy Technology» kompaniyasi bosh menejeri o'rinbosari Veyan Sion bilan uchrashuv o'tkazishdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida shu yil 20 noyabr kuni Guanchjou shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston-Xitoy biznes-forumi davomida erishilgan kelishuvlar hayotga tadbiq etish, quyosh energiyasi tizimlari uchun uskunalarni O'zbekistonda ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
«Laplace Energy Technology» kompaniyasi bosh menejeri o'rinbosari Veyan Sion so'nggi yillarda O'zbekistonga amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlar, jumladan, "yashil" energetikani rivojlantirish bo'yicha tizimli vazifalarni yuqori baholadi. U quyosh energiyasi uskunalarini O'zbekistonda ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish o'zaro manfaatli bo'lishini ta'kidlandi.
«Qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish tannarxi Xitoyda boshqa mamlakatlarga nisbatan ancha arzon. Chunki 80 foiz asbob-uskunalar Xitoyning o'zida ishlab chiqariladi. Kompaniyamiz O'zbekiston tomoni bilan ushbu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va mutaxassislarni qayta tayyorlash bo'yicha hamkorlikka tayyor, - dedi u. - Quyosh energiyasini ishlab chiqaruvchi uskuna va moslamalar o'rtacha 20 yil xizmat ko'rsatadi. Shuningdek, ushbu sohada mutaxassislarning bilim va ko'nikmalarini oshirib borish ham muhim hisoblanadi».
Muzokaralar yakunida «Laplace Energy Technology» kompaniyasi rahbariyati va O'zbekiston tomoni o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha muloqotlarni uyushtirish hamda korxona vakillaridan iborat delegatsiyaning mamlakatimizga amaliy safarini tashkil etish to'g'risida kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi