Logo

"Alyans-Press" AA: O'zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan madaniy aloqalarni mustahkamlamoqda

Yanvar 15, 2025. 09:14 • 2 daq

90
"Alyans-Press" AA: O'zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan madaniy aloqalarni mustahkamlamoqda

BISHKEK, 15-yanvar. /"Dunyo"AA/. Qirg'izistonning "Alyans-Press" axborot-tahliliy agentligi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning O'zbekiston madaniy diplomatiyasiga bag'ishlangan maqolasini e'lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muallifning yozishicha, O'zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan aloqalarini mustahkamlashda madaniy diplomatiya katta rol o'ynaydi. U o'zaro tushunish, an'analarni hurmat qilish, bir muhit va makonda yashovchi millatlar va xalqlar o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash maqsadida san'at asarlari va boshqa madaniy komponentlar almashinuvini o'z ichiga oladi.

"Tinchliksevar va pragmatik xususiyatga ega O'zbekiston tashqi siyosatining sezilarli darajada faollashuvi sharoitida mamlakatimiz o'ziga xos madaniy diplomatiyasini amalga oshirish uchun tarixan noyob salohiyatga ega", - deb yozadi Ozodbek Nazarbekov.

Qayd etilishicha, bugungi kunda ko'plab xorijiy davlatlarda "O'zbekiston madaniyati kunlari" muntazam o'tkazib kelinmoqda. 2021-2024-yillarda bunday tadbirlar 40 ta mamlakatda o'tkazildi.

Bundan tashqari, O'zbekiston turli xalqaro tashkilotlar doirasida madaniy hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha qator tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Ma'lum qilinishicha, O'zbekiston madaniyat, fan va ta'lim sohalarida hamkorlikka oid yuzdan ortiq bitimlarni ratifikatsiya qilgan. Bu borada xalqaro aloqalarning asosiy yo'nalishlari mamlakatimizning boy badiiy va madaniy qadriyatlarini ommalashtirishdan iborat ekanligi ta'kidlanadi.

2021-2024-yillarda turli mamlakatlarning yirik shaharlari - Dubay, Sharja, Doha, Milan, Venetsiya, Florensiya, Parij, Berlin, Pekin, Xanchjou, Boku va boshqa joylarda 26 ta xalqaro tadbir o'tkazgan O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasining hissasi alohida e'tirof etiladi.

Maqolada bu kabi sa'y-harakatlar nafaqat xalqaro miqyosda mamlakatlarning ijobiy imijini shakllantiradi, balki boshqa davlatlarning xalqlari bilan aloqalarni mustahkamlashga zamin yaratishi ta'kidlanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish