O'zbekiston va YI o'rtasida imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risida bitim Italiya ekspert doiralari vakillari nigohida
Oktabr 27, 2025. 13:50 • 2 daq
• 56
RIM, 27-oktyabr. "Dunyo" AA/. Italiyaning Osiyo tadqiqotlari instituti saytida Siyena universiteti professori Fabio Indeoning "O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risida bitimni imzoladi" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo AA muxbiri.

Maqola muallifi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga rasmiy tashrifini Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda yangi bosqich boshlanganining muhim ramzi sifatida baholagan.
"Bu jarayonning asosiy yo'nalishlari sifatida savdo, investitsiyalar, barqaror rivojlanish, transport aloqalari, intellektual mulk, iqlim o'zgarishi va inson huquqlari sohalarini qayd etish mumkin, – deb yozgan u. – Shu bilan birga, tashqi siyosat, xavfsizlik, kiberxavfsizlik va nizolarni oldini olish bo'yicha hamkorlik mustahkamlanmoqda".
Nashrda ta'kidlanishicha, 2024-yilda ikki tomonlama savdo hajmi 4,8 milliard AQSh dollarga yetgani Yevropa Ittifoqi va O'zbekistonning savdo imkoniyatlari tobora kengayib borayotgani bilan izohlanadi. Shuningdek, Yevropa tomoni O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish tashabbusini qo'llab-quvvatlayotgani muhim diplomatik qadamdir.
Qayd etilganidek, tashrif doirasida o'tkazilgan biznes-forum yakunlari bo'yicha energetika, kimyo, muhim minerallar, logistika, to'qimachilik va farmatsevtika sohalarida qiymati 10 milliard yevrodan ziyod kelishuvlar imzolangani Yevropa kompaniyalarining O'zbekiston bozoriga qiziqishi yanada ortib borayotganini ko'rsatadi.
Shu bilan birga, professor rasmiy Toshkent va Bryussel uchun transport aloqalari va muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni strategik ustuvor yo'nalishlardan biri sifatida ta'kidlagan.
"Mazkur bitimning yana bir muhim jihati sifatida investorlar uchun huquqiy kafolatlar va barqaror qoidalarni taqdim etilishini qayd etish mumkin. Bunday me'yorlar – bojxona tizimidagi shaffoflik, intellektual mulkni himoya qilish va nizolarni hal etish mexanizmlarini o'z ichiga olib, O'zbekistondagi islohotlarning samaradorligini hamda mamlakatning xalqaro obro'sini mustahkamlaydi", – deb yozilgan materialda.
Fabio Indeo o'z maqolasi yakunida "O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy ahamiyatga ham ega", – deya urg'ulagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari