Logo

Jakartadan munosabat: Avazada erishilgan kelishuvlar energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida sheriklikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi

Avgust 24, 2025. 13:20 • 2 daq

61
Jakartadan munosabat: Avazada erishilgan kelishuvlar energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida sheriklikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi

JAKARTA, 24-avgust. /"Dunyo" AA/. Indoneziya milliy taraqqiyot universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Susanto Bambang "Dunyo" AA uchun intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 22-avgust kuni Turkmanboshi shahrida bo'lib o'tgan "Ozarbayjon–Turkmaniston–O'zbekiston" formatidagi uch tomonlama sammitdagi ishtiroki haqidagi fikrlarini bildirdi.

– O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida konstruktiv tashqi siyosat olib borilmoqda. Ko'p jihatdan O'zbekiston rahbariyatining sa'y-harakatlari, kuchli siyosiy irodasi tufayli Markaziy Osiyoda ishonch inqirozi yengib o'tildi va mustahkamlanish jarayoni boshlandi. Mintaqa xavfsizlik, barqaror rivojlanish va yangi imkoniyatlar hududiga aylandi.


O'zbekiston, aslida, Markaziy Osiyoda ko'plab integratsiya jarayonlarining tashabbuskori hisoblanadi. Respublikaning tranzit salohiyatidan samarali foydalangan holda transport-logistika tizimini rivojlantirish iqtisodiy siyosatning asosiy ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lib qolmoqda.


O'zbekiston tomoni "O'zbekiston–Xitoy", Transafg'on transport yo'lagi, "Shimol–Janub", "O'zbekiston–Eron–O'mon" va boshqa qator yirik transport loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etmoqda.


Ayni paytda Toshkent Turkmaniston va Ozarbayjon orqali Yevropaga yangi transport yo'nalishini ochmoqda. O'zbekiston Prezidentining Avazada bo'lib o'tgan uch tomonlama sammitda ishtirok etishi qit'a transport tizimini takomillashtirishga xizmat qiluvchi mazkur loyihaning amaliy amalga oshirilishi boshlanganidan dalolat beradi. Ushbu transport koridori Xitoy, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropani bog'lash uchun mo'ljallangan. So'nggi yillarda O'zbekiston Turkmaniston va Ozarbayjon bilan juda ishonchli munosabatlar o'rnatdi.


Boku va Ashxobod O'zbekistonning strategik hamkorlari hisoblanadi. Shu munosabat bilan Turkmaniston, Ozarbayjon va O'zbekiston rahbarlari o'rtasida Avazada erishilgan kelishuvlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida sheriklikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish