Kaxa Imnadze: Markaziy Osiyo – mamlakatlar va xalqlar o'rtasida do'stona va o'zaro manfaatli munosabatlar o'rnatishda dunyoning boshqa mintaqalari uchun namuna bo'lmoqda
Sentabr 07, 2024. 07:48 • 9 daq
• 436
TOSHKЕNT, 7-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Bugun Markaziy Osiyo mintaqasi sheriklik va o'zaro manfaatli hamkorlikning keng hududiga aylanib bormoqda. Mintaqa davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari taraqqiyot va farovonlik yo'lidagi tashabbuslarni birlashtirishga xizmat qildi.

"Dunyo" axborot agentligi BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze bilan mintaqaning geosiyosiy ahamiyati va unda sodir bo'layotgan jarayonlar haqida suhbatlashdi.
– Janob Imnadze, Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, O'zbekistonning o'zaro hamkorlik faollashuvi va davom etayotgan integratsiya jarayonlarini hisobga olgan holda bugungi rivojlanishini qanday baholaysiz?
– Avvalo, O'zbekiston ommaviy axborot vositalari, xususan, "Dunyo" axborot agentligiga Birlashgan Millatlar Tashkiloti, jumladan, men rahbarlik qilayotgan BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi faoliyatiga qiziqish bildirganingiz uchun o'z minnatdorligimni bildiraman.
Markaz 2007-yil dekabr oyida Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston hukumatlari tashabbusi bilan mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda ziddiyatlarning oldini olish maqsadida tashkil etilgan. Markazning asosiy maqsadi o'zaro tushunish va hamkorlikni mustahkamlash uchun neytral platforma yaratish orqali yuzaga kelishi mumkin bo'lgan mojarolarning kuchayishiga yo'l qo'ymaslik va mintaqa davlatlari o'rtasida muloqotni rivojlantirishdan iborat. Shu nuqtayi nazardan, BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi va Markaziy Osiyo davlatlarining tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan qo'shma tashabbuslari to'g'risida jamoatchilik xabardorligini oshirishda ommaviy axborot vositalarining muhim rolini alohida ta’kidlashni istar edim.
Savolingizga javob sifatida shuni aytish kerakki, Markaziy Osiyo mintaqa xalqlari o'rtasida do'stona va o'zaro manfaatli munosabatlarni o'rnatishda boshqa mintaqalar uchun namuna bo'lib xizmat qilmoqda. Beshta davlatning mintaqaviy hamkorligi va hamjihatligining bugungi tendensiyalari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uzoqni ko'zlab amalga oshirayotgan islohotlari va o'zaro ishonchning yorqin namunasidir.
BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili va BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi rahbari sifatida ushbu ijobiy jadal va o'sib borayotgan ishonch darajasini olqishlayman. Bu esa natijada mintaqaviy hamjihatlik va integratsiyani, jumladan, zarur hollarda tarkibiy sohada ham kengayishiga olib keladi, deb umid qilaman.
O'zbekiston mintaqadagi eng ko'p aholiga, katta tabiiy resurslarga va barcha qo'shni davlatlar bilan umumiy chegaraga ega davlat sifatida Markaziy Osiyoda muhim rol o'ynaydi. 2017 yildan buyon O'zbekistonning BMT Nizomi, xalqaro huquq tamoyillariga sodiqlik, shuningdek, tinchlik, yaxshi qo'shnichilik va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga intilishga asoslangan yangi tashqi siyosat yo'nalishi xalqaro munosabatlarni shakllantirish va Markaziy Osiyoda o'zaro ishonch va hamkorlik muhitini rivojlantirishga sezilarli hissa qo'shmoqda. Bu borada O'zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlari hamda Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni qo'llab-quvvatlash, barqaror rivojlanishga erishish uchun shart-sharoit yaratish kabi tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etib, ijobiy natijalar berayotgani quvonarli.
BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi mintaqadagi ijobiy tendensiyalarni olqishlaydi va suv-energetika resurslaridan foydalanish, BMTning Global terrorizmga qarshi kurash strategiyasi, yoshlar masalalari bo'yicha muloqotni rivojlantirish va "Ayollar, tinchlik va xavfsizlikni qo'llab-quvvatlash" dasturi kun tartibini amalga oshirish kabi muhim sohalarda mintaqaviy masalalarni hal qilishning o'zaro maqbul va uzoq muddatli mexanizmlarini ishlab chiqish orqali ushbu jarayonlarni qo'llab-quvvatlashda davom etadi.
BMT Bosh kotibi joriy yilning iyul oyida Markaziy Osiyoga tashrifi chog'ida umumiy masalalarga jamoaviy yechim topishda mintaqaviy hamkorlik muhimligini alohida ta’kidladi. Mintaqa mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlardagi ijobiy o'zgarishlar va ishonch darajasi oshib borayotgani mintaqaviy integratsiyani yanada chuqurlashtirish uchun qulay shart-sharoit yaratayotganini qayd etdi.
Ushbu tashrif Markaziy Osiyoning zamonaviy geosiyosiy landshaftdagi strategik ahamiyatini ko'rsatadi. Mushtarak tarixiy, madaniy va o'zaro til merosiga ega mamlakatlarni birlashtirgan mintaqa suv tanqisligi, yerlar degradatsiyasi, tabiiy ofatlar, xavfsizlik va bog'liqlik muammolariga duch kelmoqda. Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va ushbu masalalarni hal etishda birgalikda harakat qilish muhim ahamiyatga ega. Yana bir bor takrorlayman, bu kabi masalalarga faqat ishonch, muloqot va hamkorlik orqali erishish mumkin.
– Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lida O'zbekistonning BMT bilan o'zaro hamkorligi haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz?
– Ma’lumki, O'zbekiston BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi shafeligida Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) amalga oshirish bo'yicha Oliy darajadagi siyosiy forumda ikki marta, 2020 va 2023-yillarda Ixtiyoriy milliy hisobotini taqdim etgan edi. Shu nuqtayi nazardan, yangilangan Konstitutsiya qoidalari va BRMga asoslangan "O'zbekiston – 2030" strategiyasini olqishlayman. Strategiyada inson huquqlari, gender tengligi va ayollar huquqlarini kengaytirish, "yashil" rivojlanish, korrupsiyaga qarshi kurash hamda qonun ustuvorligiga alohida ahamiyat berilgan. Unda O'zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo'shnichilik "belbog'i"ni yaratish, transchegaraviy suv resurslaridan samarali foydalanish masalalarini yanada tinch yo'l bilan hal etish, shuningdek, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mintaqaviy darajada O'zbekiston BMT Mintaqaviy markazi faoliyatini faol qo'llab-quvvatlab, profilaktik diplomatiya muhimligini va Markaziy Osiyodagi umumiy masalalarni hal qilish uchun hamkorlikni kuchaytirish zarurligini tan oladi. O'zbekiston BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi tomonidan taklif etilayotgan tashabbuslar va muloqot platformalari ishiga salmoqli hissa qo'shmoqda. Mintaqa davlatlari o'rtasida xavfsizlik muammolariga samarali javob berish, iqlim o'zgarishiga moslashish va ekologik vaziyatni yaxshilash uchun o'zaro maqbul yechimlarni izlash, shuningdek, mintaqa davlatlarining Afg'oniston bo'yicha yondashuvlarini muvofiqlashtirishda faollik ko'rsatmoqda. Joriy yilning ikkinchi yarmida O'zbekistonda BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi shafeligida Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari o'rinbosarlarining navbatdagi yillik yig'ilishi bo'lib o'tadi.
O'zbekiston, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi doirasida bir qator muhim tadbirlarni tashkil etdi. 2022-yil mart oyida Toshkent shahrida bo'lib o'tgan xalqaro konferensiyada qabul qilingan BMTning Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyasini amalga oshirish bo'yicha yangilangan Qo'shma harakatlar rejasini ro'yobga chiqarish doirasida mutaxassislar, davlat idoralari vakillari, fuqarolik jamiyati, ayollar va yoshlar uchun maslahatlashuvlar hamda o'quv seminarlari o'tkazildi. Shu nuqtayi nazardan, 2024-yil 14-may kuni O'zbekistonda Qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo'yicha mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
O'zbekiston "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" kun tartibini ilgari surish hamda davlat boshqaruvida ayollarning rolini kuchaytirishga qaratilgan yetakchi xotin-qizlarni birlashtirgan noyob mintaqaviy platforma – Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotini yaratish va rivojlantirishda muhim rol o'ynadi. Ushbu platformaning birinchi raisi sifatida O'zbekiston uning barcha darajadagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning samarali vositasi ekanligini namoyon etdi.
Biz O'zbekistonning profilaktik diplomatiya vositalarini ilgari surish va qo'llashda ko'rsatayotgan yordamini yuksak qadrlaymiz. Shuningdek, O'zbekiston BMT Bosh Assambleyasining 2017, 2021 va 2023-yillarda qabul qilingan "Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo'yicha BMT mintaqaviy markazining roli" rezolyutsiyasini izchil qo'llab-quvvatlayotganini alohida ta’kidlamoqchiman.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari Bosh Assambleyaning 78-sessiyasida BMT Bosh kotibining Kelajak sammitini o'tkazish tashabbusini alohida qo'llab-quvvatladi. Bu ko'pchilikning fikricha, global va mintaqaviy muammolarni hal etishda, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining roli va samaradorligini kuchaytirish ko'p tomonlama sheriklik uchun yangi asos yaratishga xizmat qilishi kerak. O'zbekiston BMT islohotlarini qo'llab-quvvatlash tarafdoridir.
– Yaqin kelajakda BMT mintaqada qanday yangi dastur va loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda? Muvaffaqiyatli loyihalar haqidagi ma’lumotlar ham biz uchun muhim.
– BMTning Mintaqaviy markazi o'zining preventiv vakolati doirasida mintaqaning barcha davlatlari bilan asosiy yo'nalishlar bo'yicha faol hamkorlik qilib kelmoqda. Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, muzliklarning erishi oqibatlari, gender tengligi, shuningdek, preventiv diplomatiyada yoshlar va ayollarning rolini kuchaytirish shular jumlasidandir. Markaziy Osiyoga o'z ta’sirini ko'rsatayotgan qo'shni Afg'onistondagi vaziyatning rivojlanishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bizning markaz mintaqa davlatlari bilan hamkorlikda 2022-2025-yillarga mo'ljallangan suv-energetika, atrof-muhit va iqlim sohalarida Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi hamkorlikni qo'llab-quvvatlash bo'yicha Strategiyani amalga oshirmoqda. Strategiya suv muammolari bo'yicha umumiy yechimlarni ishlab chiqish va Orol dengizi havzasida suv resurslarini boshqarishning o'zaro maqbul mexanizmlarini yaratish uchun ko'p tomonlama ekspert platformasini taqdim etadi.
Markaz, shuningdek, nizolarning oldini olish va hal qilish bilan shug'ullanuvchi milliy va mintaqaviy institutlarning salohiyatini oshirishga yordam beradi. Ushbu qo'llab-quvvatlash mahalliy tinchlik va barqarorlik mexanizmlari samaradorligini oshirish uchun o'qitish, texnik yordam va ilg'or tajriba almashishni o'z ichiga oladi. Markaz mintaqadagi potensial mojaro manbalarini tadqiq qilish va tahlil qilish bilan shug'ullanadi, bu erta belgilarni aniqlash va xavflarni kamaytirish uchun faol choralar ko'rishga yordam beradi.
Bundan tashqari, Markaz turli darajadagi va manfaatdor tomonlar, jumladan, yetakchi ayollar va yoshlar ishtirokida muloqot hamda preventiv diplomatiya imkoniyatlarini kengaytirish ustida ish olib boradi. Masalan, Markaz "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik", "Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik" kun tartibi doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish tashabbuslarini amalga oshiradi, mintaqaviy ayollar platformasi – Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti va Markaziy Osiyo hamda Afg'oniston yoshlari uchun Preventiv diplomatiya akademiyasini qo'llab-quvvatlaydi.
Markaz, shuningdek, mintaqaning barcha beshta davlatida BMT jamoalari bilan yaqin hamkorlik qilib, mintaqada va undan tashqarida barqaror rivojlanish va barqaror tinchlik o'rtasidagi bog'liqlikni ta’minlaydi. BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi fuqarolik jamiyati institutlari, tahlil markazlari va xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar bilan tengsizlik va atrof-muhit degradatsiyasi muammolarini hal qiluvchi tashabbuslarni ilgari surish, yanada barqaror va farovon mintaqani yaratishga yordam berish uchun hamkorlik qiladi.
Xulosa o'rnida shuni aytishni istardimki, O'zbekiston o'ttiz ikki yildan ortiq vaqt davomida Birlashgan Millatlar Tashkilotining to'laqonli a’zosi sifatida global va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik kun tartibida ishonchli hamkor bo'lib kelmoqda. Hozirgi murakkab xalqaro muhit va global raqobat kuchayib borayotganiga qaramay, mamlakat BMTning barcha yo'nalishdagi muhim tashabbuslarini to'liq qo'llab-quvvatlaydi va BMT asosiy tamoyillarini hurmat qilgan holda umumiy til topish va kelishmovchiliklarni muloqot hamda tinch yo'l bilan hal qilish uchun qo'shnilari va mintaqaviy sheriklari bilan faol hamkorlikni yo'lga qo'ygan.
Fursatdan foydalanib, xalqingizga mustahkam sog'liq va farovonlik, mamlakat rahbariyatiga esa keng ko'lamli islohotlar doirasida barcha rejalashtirilgan maqsadlar muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga tilakdoshman. Yangi Markaziy Osiyoning qayta tug'ilishi davrida Yangi O'zbekiston va uning qo'shnilariga mintaqaviy integratsiya yo'lida ilhom va bitmas-tuganmas kuch-g'ayrat tilayman.
BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi o'zining mandati va preventiv diplomatiya vositalariga tayangan holda, mintaqada tinchlik va xavfsizlik hamda barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun xolis platforma yaratib, ushbu sa’y-harakatlarni qo'llab-quvvatlashga doimo tayyor.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi