Logo

Latviyadan munosabat: O'zbekistonning diplomatik hamda strategik tashabbuslari Markaziy Osiyo va undan tashqarida ham sezilarli darajada kuchaydi

Avgust 19, 2025. 12:16 • 3 daq

432
Latviyadan munosabat: O'zbekistonning diplomatik hamda strategik tashabbuslari Markaziy Osiyo va undan tashqarida ham sezilarli darajada kuchaydi

TOSHKENT, 19-avgust. /"Dunyo" AA/. 18-19-avgust kunlari Toshkentda bo'lib o'tayotgan "O'zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa: umumiy taraqqiyot yo'lida hamkorlik" mavzusida o'tayotgan yuqori darajadagi uchrashuvi ishtirokchisi, sobiq Latviya Prezidenti Valdis Zatlers "Dunyo" AA uchun intervyusida anjuman va O'zbekistonda kechayotgan o'zgarishlar haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Albatta, bugungi kundagi natijalarni o'zingizga ham ayon, katta o'zgarishlar bo'lmoqda, barchamiz buni his qilmoqdamiz. Bunday ijobiy natijalarni his qilganingizda, mamlakatingizni isloh qilishning keyingi bosqichiga tayyor bo'lasiz. Rivojlangan davlat bo'lish, farovon mamlakatga aylanish uchun o'zgarishlar doimo zarur. Shu bilan birga, an'analarni, madaniyatni, diniy qadriyatlarni asrab-avaylab, global hamjamiyatning muvaffaqiyatli a'zosi bo'lish muhimdir.

Ushbu forumda turli mamlakatlardan kelgan ko'plab insonlar qatorida ishtirok etayotganimdan juda mamnunman. Shuningdek, ushbu uchrashuvni mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorlikda tashkil etgan Nizomiy Ganjaviy markaziga ham samimiy minnatdorlik bildiraman. Biz bir-birimiz bilan uchrashib, yutuqlarimiz haqida gaplashishimiz kerak, kamchiliklar haqida emas. Bu muhokama mavzusi bo'lishi mumkin, albatta. Ammo, asosiysi, men har 10 yilda bir marta O'zbekistonga kelaman va o'zgarishlarni ko'rib turaman. Men bu o'zgarishlarni faqat statistik ma'lumotlardan emas, balki oddiy odamlarning hayotidan ham sezaman. Shaharda sayr qilish, odamlar bilan suhbatlashishni yoqtiraman. O'zgarishlar juda katta. Buni ko'rib ham, his qilib ham xursand bo'laman. O'zbekiston xalqi va rahbariyatiga faqat ezgu tilaklarimni bildiraman.

O'zbekistondagi o'zgarishlar haqida gapiradigan bo'lsak, mening bahoyim shuki, mamlakatning diplomatik hamda strategik tashabbuslari Markaziy Osiyo va undan tashqarida sezilarli darajada kuchaydi. O'zbekiston diplomatiyasi bugun ancha ochiq, xalqaro hamkorlik uchun imkoniyatlar kengaydi va bu ham juda muhim. Siz yirik davlat, katta aholiga ega mamlakatsiz, ammo yolg'iz ham emassiz, do'stlaringiz ko'p.

Shu sababli, ishonchli do'stlarning bo'lishi juda zarur. Ayniqsa, iqtisodiy hamkorlik haqida gap ketganda, transport yo'llarini barpo etish, mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash shart. Aks holda, noaniqlikda yashashga va atrofdagi xavflar bilan yuzma-yuz bo'lishga to'g'ri keladi.

Yaqinda men xavf-xatarlarni idrok etish haqidagi ilmiy sharhni o'qidim va unda Markaziy Osiyoda odamlar o'zlarini xavf ostida emas, balki ancha xotirjam va ishonchli his qilayotgani meni xursand qildi. O'zaro ishonch bildirish, hamkorlik qilish va keyin mintaqadan tashqarida ham do'stlar topishga intilish – bu juda to'g'ri yo'nalish. Bugungi kun misolida bu Yevropa bilan hamkorlikni anglatadi.

O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi hamkorlik dinamikasi haqida gapiradigan bo'lsak, istiqbolda juda katta imkoniyatlar mavjud. Bizga ishonchli hamkorlar zarur. Mening mamlakatimda ham ko'plab o'zbekistonliklar ishlayapti. Ular bu yerda nafaqat mehmon kuchi sifatida, balki birgalikda ishlash, biznes yuritish va o'zaro tushunish imkonini beradigan insonlar sifatida qadrlanadi. Bir-birini anglash va hurmat qilish esa insonlararo uchrashuv va muloqotsiz yuzaga kelmaydi.

O'zbekiston xalqiga, qayerda bo'lishidan qat'iy nazar, barcha ezgu tilaklarimni izhor qilaman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish