Toshkentda sakkizinchi Markaziy Osiyo ekspertlar forumi bo'lib o'tadi
Avgust 09, 2025. 10:54 • 2 daq
• 482
TOSHKENT, 9-avgust. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 14-15-avgust kunlari Toshkentda "Markaziy Osiyo – ishonch, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning umumiy makoni" mavzusida VIII Markaziy Osiyo ekspertlar forumi (MOEF) bo'lib o'tadi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

2018-yilda tashkil etilgan MOEF har yili Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuviga raislik qilayotgan mamlakatda o'tkaziladi. Forum mintaqaviy hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim maydoncha vazifasini bajaradi va Markaziy Osiyo davlatlarining o'zaro aloqalarini yanada rivojlantirish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.
Forum O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan tashkil etilmoqda. Tadbir hamkorlari – BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi, Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi vakolatxonasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT), Konrad Adenauyer nomidagi jamg'arma.
Anjumanda Markaziy Osiyodan an'anaviy ravishda mintaqa davlatlarining strategik institutlari, ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari hamda mutaxassislari va akademik doiralari vakillari ishtirok etadi. Ilk bor tadbirda mintaqashunoslik bo'yicha tajriba almashish maqsadida Yevropa Ittifoqi, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN), Shimoliy Kengash mamlakatlaridan nufuzli ekspertlar, shuningdek, Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Shveysariya va Ozarbayjondan tadqiqotchilar taklif etilgan.
Forumning keng qamrovli dasturi mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollarini ko'rib chiqish va ko'p qirrali aloqalarni ilgari surish bo'yicha aniq chora-tadbirlarni belgilashni o'z ichiga oladi.
Bundan tashqari, forum doirasida alohida tadbirlar o'tkaziladi. Jumladan, mintaqaviy o'ziga xoslikni shakllantirishning amaliy jihatlari bo'yicha ilmiy-amaliy konferensiya hamda "Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa" formatidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tadi.
Bo'lajak ekspertlar muloqoti manfaatlar to'qnashgan nuqtalarni aniqlash va Markaziy Osiyoning kelajakdagi rivojlanish yo'nalishlarini belgilab berishi kutilmoqda. Ishlab chiqilgan tavsiyalar joriy yilda O'zbekistonda o'tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi kun tartibini boyitishga muhim hissa qo'shadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari