Turkiyadan munosabat: O'zbekistonda yaratilgan investitsiyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanish payti keldi
Iyul 24, 2025. 12:13 • 2 daq
• 74
ANQARA, 24-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Bursadagi faxriy konsuli, investor Ali Baklan "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali natijalari haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Besh yildan beri O'zbekistonning Bursadagi faxriy konsuli sifatida ishlab kelaman. Bu vaqt mobaynida O'zbekistonga bir necha bor bo'ldim. So'nggi yillarda O'zbekistonda investorlar uchun katta imkoniyatlar taqdim etildi.
Men ham ushbu imkoniyatlardan foydalanib, yurtingizga investitsiya kiritishga muvaffaq bo'ldim. O'zbekiston taraqqiyoti va rivojiga hissa qo'shish men uchun xursandchilik va g'urur bag'ishlaydi.
Har tashrifimda O'zbekistonning naqadar jadal va barqaror ildamlab borayotganiga shaxsan guvoh bo'layapman. Eng asosiysi, ushbu taraqqiyot faqatgina Toshkentda emas, balki mamlakatning chekka hududlarida ham amalga oshmoqda. Men Samarqand viloyatining Qo'shrabod tumanida qishloq xo'jaligi sohasiga investitsiya kiritdim. Shuningdek, Bulung'ur tumanida konserva zavodini tashkil qildik va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaryapmiz. Bu hududlarda investorlar uchun alohida va qulay sharoitlar yaratilgan.
Ta'kidlash kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida nafaqat respublika balki viloyat va tuman rahbarlari darajasida ham investorlarga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Tadbirkor sifatida tez-tez xorijda bo'laman. Yevropaga va yaqinda Xitoyga sayohat qildim. Boshqa mamlakatlarda investorlar bilan uchrashuvlarda Yangi O'zbekiston nomini tez-tez eshityapman.
O'zbekiston haqidagi ushbu iliq munosabatlar mamlakatingizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida so'nggi yillarda amalga oshirgan tub islohotlarning natijasidir. O'zbekiston Prezidentining tashabbuslari bilan har yili Toshkentda tashkil etilayotgan Xalqaro investitsiya forumi va shunga o'xshash tadbirlar investitsiya muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, Samarqanddagi o'zgarishlar tahsinga sazovor. Xalqaro hamkorlik va biznes tadbirlari jihatidan ushbu shaharda zarur infratuzilmalar yaratildi. Shuningdek, Buxorodagi o'zgarishlarni mamnuniyat bilan kuzatib boryapmiz.
Men Turkiyadagi investorlarni O'zbekistonda yaratilgan investitsiyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanish payti kelganini doim ta'kidlayman. Xususan, O'zbekiston biz uchun ota yurt ekani va Markaziy Osiyoning yuksalib borayotgan yulduziga aylangani turk investorining e'tiborini tortmoqda. Shu jihatdan turk ishbilarmonlarining O'zbekistonga qiziqishi juda yuqori.
O'zbekistondagi islohotlar va taraqqiyot jarayoni yuqori natijalar olib kelishiga chin qalbimdan ishonaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari