Logo

Turkiyadan munosabat: Bolgariya Prezidentining O'zbekistonga Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o'rtasida yangi hamkorlik makonini shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratadi

Iyun 12, 2025. 13:04 • 2 daq

45
Turkiyadan munosabat: Bolgariya Prezidentining O'zbekistonga Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o'rtasida yangi hamkorlik makonini shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratadi

ANQARA, 12-iyun. /"Dunyo" AA/. Anqara inqiroz va siyosat tadqiqotlari markazi "ANKASAM" direktori Mexmet Seyfettin Erol "Dunyo" AA uchun intervyusida Bolgariya Prezidenti Rumen Radevning 9-11-iyun kunlari O'zbekistonga amalga oshirgan tashrifi haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Tashrif Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yangi O'zbekistonning strategik sheriklar doirasini kengaytirishga qaratilgan ko'p vektorli, ochiq va pragmatik tashqi siyosatini mustahkamlash borasidagi sa'y-harakatlarining yorqin dalilidir.

Bolgariya Prezidentining O'zbekistonga tashrifi nafaqat ikki tomonlama hamkorlik kontekstida, balki kengroq geosiyosiy jihatdan ham muhim voqea bo'lib, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa o'rtasidagi hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochganini alohida ta'kidlamoqchiman.

Ko'ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi muzokaralar muhiti O'zbekiston-Bolgariya muloqoti zamirida turgan yuksak siyosiy iroda va ishonchning ko'zgusidir.

Mazkur tashrif so'nggi 17 yil ichida birinchi marta amalga oshirilayotgani O'zbekiston-Bolgariya munosabatlarining sifat jihatidan yangi bosqichga – o'zaro manfaatdorlikdan iqtisodiyotning muhim tarmoqlari, transport, raqamlashtirish va ta'lim sohalaridagi loyihalarni amaliy amalga oshirishgacha bo'lgan bosqichga o'tganidan dalolatdir.

Ayniqsa, oliy darajadagi muzokaralar chog'ida erishilgan kelishuv e'tiborga molik. Gap nafaqat savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarni yo'lga qo'yish, balki ikki tomonlama tashabbuslarni institutsional qo'llab-quvvatlash uchun shart-sharoitlar yaratish, jumladan, savdo uylarini ochish, laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish va mehnat resurslari sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yish haqida bormoqda.

Gumanitar kelishuvlar bloki – Madaniyat almashinuvi yili, akademik forumlar, shaharlar o'rtasida sheriklik munosabatlarini o'rnatish kabi tashabbuslar o'zaro hamkorlikning asosini tashkil etishini alohida ta'kidlamoqchiman. Bu qadamlar O'zbekiston rahbarining xalqlarni yaqinlashtirish va o'zaro hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi strategik qarashlariga to'la mos keladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi O'zbekiston tashqi siyosatning izchilligi va ochiqligini, pragmatik va o'zaro hurmat asosida YIga a'zo davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashni namoyish etmoqda. O'z navbatida, Bolgariya tranzit va texnologik salohiyatga ega davlat sifatida O'zbekistonning Janubiy va Sharqiy Yevropa bozorlariga chiqishini ta'minlashda muhim rol o'ynashga qodir.

Ishonchim komilki, Bolgariya Prezidentining O'zbekistonga tashrifi nafaqat ikki tomonlama manfaatlarga xizmat qiladi, balki YI va Markaziy Osiyo o'rtasida yangi hamkorlik makonini shakllantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish