O'zbekiston – Malayziya: o'zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichi
May 17, 2024. 07:16 • 5 daq
• 598
KUALA-LUMPUR, 17-may. /"Dunyo" AA/. Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning O'zbekistonga tashrifi arafasida mamlakatimizning Kuala-Lumpur shahridagi elchisi Karomiddin Gadoyev "Dunyo" AA uchun intervyu berdi va unda ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarning bugungi holati hamda istiqbollari haqidagi fikrlarini bildirdi:

– O'zbekiston va Malayziya keng qamrovli muloqotni jadal va samarali rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Joriy yil 17-19-may kunlari Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning O'zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan bo'lib, u turli sohalardagi hamkorlikni faollashtirish va ustuvor yo'nalishlarda yirik qo'shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan.
O'zbekiston va Malayziya o'rtasidagi geografik masofaga qaramay, mamlakatlarimizni tarixiy rishtalar, madaniy va diniy o'xshashlik, an’analarning yaqinligi, bag'rikenglik va xilma-xillik kabi umumiy qadriyatlar bog'lab turadi.
Bu yil rasmiy Toshkent va Kuala-Lumpur o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganiga 32 yil to'ldi. Malayziya 1992-yil 1-yanvarda O'zbekiston mustaqilligini Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari ichida birinchi bo'lib tan olgan.
1992 va 2005-yillarda Malayziyaga, 1993-2008-yillarda O'zbekistonga oliy darajadagi rasmiy tashriflar almashinuvi doirasida do'stona munosabatlar va o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish poydevori qo'yildi. Shuningdek, tashriflar davomida bir qator istiqbolli sohalarda hukumatlararo hujjatlar imzolangan edi. 2003-yilda Malayziya Podshohi Sayid Sirojuddin O'zbekistonga tashrif buyurdi.
So'nggi yillarda mamlakatlarimiz o'rtasidagi aloqalar sezilarli darajada mustahkamlandi. Ikki tomonlama hamkorlikda ijobiy natijalarga erishildi, siyosiy muloqot faollashdi, tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini faol qo'llab-quvvatlamoqda, o'zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar taraqqiy etayapti.
2024-yil 1-dekabr kuni Dubay shahrida bo'lib o'tgan BMTning iqlim o'zgarishi bo'yicha konferensiyasi doirasida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Podshohi Sulton Abdulloh Rioyatuddin Al-Mustafo Billoh Shoh bilan uchrashdi. Ushbu oliy darajadagi muloqot natijalari ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning yangi bosqichni boshlab berdi.
Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlaridagi do'stlik guruhlari faoliyati doirasida parlamentlararo aloqalar muvaffaqiyatli rivoj topmoqda. 2023 va 2024-yillarda ikki davlat tashqi ishlar vazirlari o'zaro tashrif almashdilar. Shu yilning fevral oyida Kuala-Lumpurda O'zbekiston-Malayziya biznes-forumi bo'lib o'tdi.
2023-yil oktyabr oyida Malayziya turizm, san’at va madaniyat vaziri Tiong King Sing boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahrida bo'lib o'tgan YUNVTO Bosh Assambleyasida ishtirok etdi va forum davomida turizm sohasida hamkorlik bo'yicha hukumatlararo anglashuv memorandumi imzolandi.
O'zbekiston va Malayziya tashqi siyosat idoralari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning muhim mexanizmi hisoblanadi. Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi davrasi 2022-yil mart oyida Putrajaya shahrida tashqi ishlar vazirlari o'rinbosarlari darajasida bo'lib o'tdi. Siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini joriy yilda Toshkentda o'tkazish rejalashtirilgan.
Malayziya O'zbekistonning ASЕAN davlatlari orasida muhim savdo sherigi hisoblanadi. 2023 yilda ikki davlat o'rtasidagi o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 2017 yilga nisbatan 3 barobar oshib, 190 million AQSH dollarini tashkil qildi. O'zbekiston Malayziyaga kimyo, oziq-ovqat, to'qimachilik mahsulotlari va mevalar eksport qiladi. Malayziyaning asosiy eksporti mashina va transport uskunalari, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlaridan iborat.
So'nggi yillarda malayziyalik investorlarning O'zbekistonga qiziqishi tobora ortib bormoqda. Hozirgi kunda O'zbekistonda Malayziya kapitali ishtirokidagi 33 ta korxona faoliyat ko'rsatyapti. E’tiborlisi, ularning 16 tasi 100 foiz Malayziya kapitali asosida tashkil etilgan.
O'zbekiston o'zining strategik joylashuvi, rivojlangan transport infratuzilmasi va qo'shni davlatlar bilan mavjud erkin savdo shartnomalari tufayli Malayziya biznesining 80 million aholiga ega Markaziy Osiyo bozoriga kirishi uchun muhim markaz vazifasini o'tashi mumkin. O'z navbatida, Malayziya o'zbek biznesi uchun Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bozorlariga muhim ko'prik bo'lib xizmat qiladi.
Shu nuqtayi nazardan, transport aloqasi masalalari alohida e’tiborga loyiq. Bugungi kunda Toshkent va Kuala-Lumpur o'rtasida "Uzbekistan Airways" milliy aviakompaniyasi va Malayziyaning "Batik Air Malaysia" aviatashuvchisi tomonidan haftasiga 4 ta reys amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatlarimiz Markaziy Osiyo va Malayziya o'rtasida muqobil transport va logistika yo'nalishlarini rivojlantirish bo'yicha hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor.
Ta’lim hamkorlikning yana bir muhim sohasi sanaladi. Xususan, ikki mamlakat oliy o'quv yurtlari va ilmiy muassasalari qo'shma ta’lim dasturlari doirasida samarali hamkorlik qilmoqda.
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning yurtimizga birinchi tashrifi va bo'lajak oliy darajadagi uchrashuvlar O'zbekiston va Malayziya o'rtasidagi iliq hamda do'stona aloqalarni yangi bosqichga ko'tarish, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy sohada foydalanilmagan salohiyatni faollashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Tashrif doirasida, shuningdek, qator ikki tomonlama hukumatlararo hujjatlar, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy shartnomalar imzolanishi kutilmoqda. Bugungi kunda xalqaro diplomatiya va turizm markazi sifatida shuhrat qozongan qadimiy Samarqand shahrida navbatdagi O'zbekiston-Malayziya biznes-forumiga mezbonlik qiladi.
Barqaror iqtisodiy o'sishni ta’minlash va aholi turmush sifatini oshirish bo'yicha "Malayziya Madani" konsepsiyasi "O'zbekiston – 2030" strategiyasi bilan hamohang ekani ramziy ma’noga ega. Bu ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va chuqur tarkibiy o'zgarishlarni amalga oshirishda ijobiy tajriba almashish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda.
Bugungi kunda O'zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida integratsiya jarayonlarini rivojlantirish, balki butun mintaqa va xorijiy hamkorlar o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning yangi formatlarini shakllantirishda ham faol rol o'ynamoqda. O'z navbatida, Malayziya Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASЕAN) asoschilaridan biri sifatida mintaqaviy integratsiya jarayonlarini rivojlantirishda muhim o'rin tutadi. Ishonchim komilki, Toshkentda bo'lajak oliy darajadagi muloqot bizga "Markaziy Osiyo – ASЕAN" formatida yangi hamkorlik platformasini yaratishga imkon beradi.
Shubhasiz, Malayziya Bosh vazirining rasmiy tashrifi ko'p asrlik do'stlik, o'zaro ishonch va anglashuvning mustahkam poydevoriga asoslangan O'zbekiston-Malayziya hamkorligini siyosat, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, atrof-muhitni muhofaza qilish, ta’lim, innovatsiyalar, madaniyat va xalq diplomatiyasi sohalarida sezilarli darajada faollashtirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, tashrif davomida Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim boshchiligidagi delegatsiya yurtimizning Samarqand va Buxoro kabi dunyoga mashhur tarixiy shaharlarining diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi