O'zbekiston-Iordaniya: Hamkorlikning yangi ufqlari sari
Avgust 25, 2025. 10:21 • 4 daq
• 436
TOSHKЕNT, 25-avgust. /"Dunyo" AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn 25-26-avgust kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo'ladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Respublikasi bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi o'rtasida diplomatik munosabatlar 1993-yil fevral oyida o'rnatilgan. O'tgan yillar davomida ikki davlat rasmiy aloqalardan siyosat, iqtisodiyot va madaniy-gumanitar sohalarni qamrab olgan har tomonlama hamkorlikka o'tdi.
1994-yil iyun oyida Toshkentda Iordaniya elchixonasi o'z faoliyatini boshladi. Hozirda qarorgohi Ar-Riyozda bo'lgan O'zbekiston elchisi bir vaqtning o'zida Ammanda akkreditatsiyadan o'tgan.
Bundan tashqari, 2007-yilning avgust oyidan buyon podshohlik fuqarosi Luay Abu G'azzala rahbarlik qilayotgan O'zbekistonning Iordaniyadagi faxriy konsuli instituti faoliyat yuritmoqda.
O'zbekiston va Iordaniya o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganidan buyon oliy darajadagi siyosiy muloqotlar asosan xalqaro maydonlarda uchrashuvlar, telefon orqali muloqotlar va yuqori darajadagi tashriflar almashish formatida olib borilmoqda.
So'nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar yangi sur’atga ega bo'ldi. Tomonlar o'zaro manfaatli muhim salohiyatga tayangan holda hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish istagini namoyon etmoqda.
Joriy yilda O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Ammanga tashrif buyurdi va unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Podshoh Abdulla II ibn al-Husaynga samimiy tilaklari yetkazildi. Delegatsiya Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn tomonidan qabul qilindi, Bosh vazir o'rinbosari, tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadiy bilan muzokaralar, shuningdek, sarmoya, oliy ta’lim, vaqflar, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vazirliklari rahbariyati, yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o'tkazdi.
Diplomatik pasport egalari uchun viza rejimini bekor qilish to'g'risidagi bitim, shuningdek, Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasida 2025-2027-yillarga mo'ljallangan qo'shma hamkorlik dasturi imzolangani e’tiborli natijalardan biri bo'ldi. Bu qadamlar o'zaro munosabatlarni tizimli qilish va ularni yangi bosqichga olib chiqish istagini namoyon etadi.
O'zbekiston, odatda, ochiqlik va ko'p vektorli tashqi siyosat yo'nalishini namoyish etmoqda. Rasmiy Toshkentning so'nggi yillarda Yaqin Sharq mamlakatlari bilan o'zaro aloqalari faol rivojlanmoqda, bu, xususan, Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar bilan 2020-2023-yillarda o'zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb besh baravarga oshganida namoyon bo'lmoqda.
O'zbekistonning Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar kabi ko'p tomonlama formatlardagi ishtiroki O'zbekiston-Iordaniya munosabatlarini chuqurlashtirish uchun qo'shimcha platforma yaratmoqda.
O'zbekiston va Iordaniya o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik nisbatan kamtarona darajada qolmoqda, biroq tomonlar uni faollashtirish strategiyasini belgilab olgan. Jumladan, 2024-yilda o'zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 4,6 million AQSh dollarini tashkil etdi. Iordaniya O'zbekistonga farmatsevtika mahsulotlari, kimyo mahsulotlari, asbob-uskunalar va mashinalar yetkazib beryapti, O'zbekiston esa mis, quritilgan mevalar, yong'oq va to'qimachilik mahsulotlarini eksport qiladi.
Ikki mamlakat investitsiya, sanoat va savdo vazirlari o'rtasidagi 2025-yildagi muzokaralar hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi. Tovarlarning ikki mamlakat bozorlariga chiqishini soddalashtiradigan imtiyozli savdo bitimini imzolash, tog'-kon sanoati, jumladan, fosfatlar, mis va boshqa foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat sanoatidagi aloqalarni mustahkamlash, farmatsevtika, to'qimachilik, yengil sanoat va raqamli iqtisodiyot jabhalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish muhim yo'nalishlar qatoriga kiradi.
Tadbirkorlar o'rtasida to'g'ridan to'g'ri aloqalarni yo'lga qo'yish, tarmoq ko'rgazmalari, biznes-forumlar va savdo missiyalarini tashkil etish bo'yicha O'zbekiston-Iordaniya ishbilarmonlar kengashini tashkil etish niyati alohida ahamiyatga ega. Iordaniya, shuningdek, o'zining qulay geografik joylashuvidan O'zbekiston tovarlarining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bozorlariga chiqishi uchun xab sifatida foydalanishni taklif qilmoqda. O'zbekiston va Iordaniya o'rtasidagi aloqalar chuqur tarixiy asosga ega. Har ikki davlatni islom madaniyati, umumiy tarixiy meros va ko'p asrlik diniy va madaniy almashinuv an’analari birlashtiradi. Bu o'ziga xos ishonch va o'zaro tushunish muhitini yaratadi hamda ikki tomonlama munosabatlarning gumanitar jihati uchun, ayniqsa muhimdir.
Madaniy-gumanitar hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari qatoriga akademik almashinuvlarni kengaytirish, qo'shma ta’lim dasturlari va talabalar uchun stipendiyalar ajratish, umumiy tarixiy-madaniy merosga bag'ishlangan festivallar, ko'rgazmalar va konferensiyalar o'tkazish, islomshunoslik, ilohiyotshunoslik, tarix va arxeologiya sohasidagi hamkorlik, sog'liqni saqlash, shu jumladan qo'shma tibbiy dasturlar va teletibbiyot sohasida tajriba almashish kiradi.
Ma’naviy qadriyatlarning yaqinligi uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratmoqda, bunda madaniy almashinuvlar umumiy rivojlanishning ajralmas qismiga aylanayotir.
Iordaniya vakillari so'nggi yillarda O'zbekistonda o'tkazilgan xalqaro madaniy tadbirlarda, jumladan, Xalqaro maqom san’ati festivali (2018-yil sentabr, Shahrisabz) va Xalqaro hunarmandchilik festivali (2019-yil sentabr, Qo'qon)da faol ishtirok etdi.
Albatta, O'zbekiston va Iordaniya o'zaro ishonch, umumiy madaniy qadriyatlar va bir-birini to'ldiradigan iqtisodiy salohiyatga asoslangan manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yishga qodir. Rejalashtirilgan tashabbuslarning amalga oshirilishi nafaqat hamkorlikni chuqurlashtirish, balki uni Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotning muhim omiliga aylantiradi.
Shu nuqtayi nazardan, Iordaniya yetakchisining O'zbekistonga bo'lajak tashrifi ikki tomonlama sheriklikni kengaytirish uchun yangi ufqlarni ochadi. Aniq kelishuvlar bilan mustahkamlangan tomonlarning siyosiy irodasi esa o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish va gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun sharoit yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari