O'zbekiston-Italiya: tarixiy muloqot yangi mazmun bilan boyimoqda
Noyabr 10, 2023. 07:22 • 7 daq
• 2063
TOSHKЕNT, 10-noyabr. /«Dunyo» AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Italiya Prezidenti Serjo Mattarella 9-noyabr kuni rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga keldi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Italiya O'zbekistonning muhim va ishonchli hamkorlaridan biridir. Mamlakatlarimiz o'rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 24-martda o'rnatilgan.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 8-9-iyun kunlari Italiyaga rasmiy tashrifi O'zbekiston-Italiya ko'p qirrali hamkorligini rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi. Tashrif doirasida davlatimiz rahbari Italiya Prezidenti Serjo Mattarella, Bosh vazir Jorja Meloni, ushbu mamlakat ishbilarmon doiralari va hududlari vakillari bilan samarali muzokaralar o'tkazdi. Tashrif yakunlari bo'yicha ikki mamlakat o'rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o'rnatish to'g'risida qo'shma deklaratsiya qabul qilindi hamda ko'p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 11 ta davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. Ushbu hujjatlarning qabul qilinishi siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikka kuchli turtki berdi.
O'zbekiston va Italiya BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda. Italiya O'zbekistonning Markaziy Osiyoda sheriklik, yaxshi qo'shnichilik va ishonch muhitini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi, shuningdek, «Italiya-Markaziy Osiyo» hamkorlik formatini yanada rivojlantirish tarafdori.
Bugungi kunga qadar ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarda hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun barcha zarur institutsional mexanizmlar yaratilgan va ular muvaffaqiyatli ishlamoqda. Ikki davlat tashqi siyosat idoralari o'rtasida muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar o'tkazilib, ularda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilinayotir. Shuningdek, Savdo-iqtisodiy, sanoat hamkorlik va eksport kreditlari bo'yicha hukumatlararo ishchi guruhi samarali faoliyat ko'rsatayapti.
Ikki mamlakat o'rtasidagi parlamentlararo aloqalar ham izchil rivoj topmoqda. 2011-yildan buyon Italiya parlamenti Deputatlar palatasi va Senati bilan hamkorlik qilish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida parlamentlararo guruhlar faoliyat yurityapti. Shuningdek, Italiya parlamentida «Italiya – Markaziy Osiyo» do'stlik guruhi tuzilgan.
Mamlakatlarimiz o'rtasidagi idoralararo va hududlararo hamkorlik yangi yangi sur’at kasb etayotir.
O'zbekiston va Italiyaning o'zaro munosabatlarni chuqurlashtirishdan o'zaro manfaatdorligi savdo-iqtisodiy aloqalar va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishning bugungi dinamikasini belgilab beradi.
Italiyalik investorlarning O'zbekistonga qiziqishini davlatimiz rahbarining iyun oyidagi tashrifi arafasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 300 ga yaqin vakili ishtirokida o'tkazilgan qo'shma biznes-forum yakunlari, shuningdek, Milanda Prezident Shavkat Mirziyoyev va ushbu mamlakatning yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirokida bo'lib o'tgan davra suhbati ham tasdiqlaydi.
Biznes-forum yakunlari bo'yicha energetika, gaz-kimyo va neft-gaz sanoati, metallurgiya, kimyo, to'qimachilik sanoati va qishloq xo'jaligi sohalarda hamkorlik loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ortiq bo'lgan investitsiya va savdo bitimlari imzolandi.
Bugungi kunda O'zbekistonda Italiya kapitali ishtirokidagi 52 ta korxona faoliyat ko'rsatadi. Ulardan 33 tasi qo'shma va 19 tasi esa to'liq Italiya sarmoyalari asosida tashkil etilgan. Oltita Italiya kompaniyasining ofislari, shuningdek, Italiya-O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi O'zbekiston Investitsiyalar va sanoat vazirligi huzurida akkreditatsiyadan o'tgan. Ularning asosiy faoliyat yo'nalishlari za’faron, alkogolsiz ichimliklar, vino, shisha aksessuarlari, atir-upa, muzqaymoq, trikotaj, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish, paxta chiqindilarini qayta ishlash, savdo-sotiq va vositachilik xizmatlaridan iborat.
Eng qulay davlat rejimi O'zbekiston va Italiya o'rtasidagi savdoda qo'llaniladi. Joriy yilning 9 oyida o'zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 390 million AQSH dollarini tashkil etdi.
Ikki davlat tadbirkorlarining hududlararo hamkorligi kengaymoqda, xususan, Toshkent viloyati va Italiyaning Lombardiya mintaqasi o'rtasida kommunal infratuzilma, kimyo, sanoat, qishloq xo'jaligi va boshqa sohalarda qo'shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi dastur ishlab chiqildi.
«O'zbekiston Yevropa va Osiyo o'rtasidagi ko'prik, sheriklik nuqtai nazaridan strategik davlat, ulkan salohiyatga ega. Biz O'zbekistonning zamonaviy rivojlanishida ishtirok etishni istaymiz va ko'p tomonlama munosabatlarimizni chuqurlashtirishga tayyormiz. Tadbirkorlar ilg'or texnologiyalar va yuqori sifatli yakuniy mahsulotlar taklif etuvchi hamkorlikka tayyor. Biz ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish uchun ko'mak beramiz», — dedi Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o'rinbosari Edmondo Chiriyelli joriy yilning iyun oyida bo'lib o'tgan biznes-forumdagi nutqida.
O'z navbatida, bugungi kunda O'zbekiston italiyaliklar biznesini keng qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari va ularning mamlakatimizdagi faoliyati uchun samarali platforma yaratishga tayyor.
Ikki mamlakat xalqlari o'rtasidagi chuqur tarixiy ildizlarga borib taqaladigan madaniy-gumanitar aloqalar, iliq, do'stona munosabatlar O'zbekiston-Italiya o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buyuk ipak yo'li davrida Rim va Movarounnahr o'rtasida madaniy almashinuvlar yo'lga qo'yilgan bo'lib, faol savdo-sotiq ishlari olib borilgan. Xususan, yurtimizda amalga oshirilgan arxeologik qazishmalar davomida ildizlari Rimga borib taqaladigan artefaktlar aniqlandi. Masalan, eski Termiz shahri xarobalari ostidan Trayan va Mark Avreliy imperatorlari davriga oid yuzlab kumush tangalar, nafis marmardan ishlangan haykalchalar qoldiqlari va Rim xudolari tasvirlari tushirilgan noyob ashyolar topilgan. O'rta yer dengizi va Markaziy Osiyo mintaqalari o'rtasida savdo aloqalaridan tashqari diplomatik munosabatlar ham rivojlangan. Rimga kushonlar, xorazmiylar va turkiylar elchilari bir necha bor tashrif buyurgan. Shu bilan birga, munosabatlarning eng gullab-yashnagan onlari Amir Temur hukumronligi davriga to'g'ri keladi. O'sha paytda Sharqqa ekspeditsiya bilan tashrif buyurgan venetsiyalik savdogarlar o'z tarjimai hollarida hozirgi O'zbekiston hududidagi shaharlar – Buxoro va Samarqandning go'zalligi hamda ulug'vorligini yuqori baholagan.
Bugungi kunda ikki mamlakat olimlari mazkur madaniyatlar tarixi va merosini chuqur o'rganmoqda, o'zaro tajriba va tadqiqot natijalari bilan almashmoqda. Neapol universiteti va Rimning Sapiyensa universiteti bilan hamkorlikda «O'zbekiston madaniy merosi Italiya to'plamlarida» kitobining nashr etilishi mazkur yo'nalishda o'zaro hamorlikning yorqin natijalaridan biri bo'ldi.
Joriy yilning 8-iyun kuni bo'lib o'tgan davlatimiz rahbarining Italiyaga rasmiy tashrifi doirasida mamlakatlarimiz o'rtasida madaniy va ilmiy hamkorlik to'g'risidagi hukumatlararo bitim imzolandi. Hujjatda mazkur sohalardagi hamkorlikning istiqbollari va yangi yo'nalishlarini belgilab berilgan. Tashrif doirasida mamlakatlarimiz o'rtasida 2026-yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan yangi madaniy almashinuv dasturi ham imzolandi.
O'tgan yillar davomida O'zbekiston va Italiya o'rtasida ta’lim, turizm, madaniyat va san’at, sport va arxeologiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirish borasida muayyan natijalarga erishildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda italyan tilini o'rgatish bo'yicha kurslar faol ishlamoqda. Toshkentda Turin politexnika universiteti va Piza universitetining filiallari faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda ushbu oliy ta’lim muassasalarida 700 dan ortiq talaba tahsil oladi.
«Erazmus+» dasturi orqali Italiyadagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari keng rivojlanyapti. Rim va Toshkent aloqalari innovatsiyalar va yoshlar tadbirkorligi sohalarini ham qamrab olgan. Hozirgi kunda O'zbekistonda yoshlar o'rtasida startaplarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shma dasturni ishga tushirish imkoniyati ko'rib chiqilmoqda.
O'zbekiston Fanlar akademiyasi va Italiya Milliy tadqiqot kengashi o'rtasida 2021-yilda imzolangan hamkorlik to'g'risidagi bitim doirasidagi hamkorlik izchil davom etayapti.
O'zbekiston Milliy paviloni uchinchi yildirki Venetsiya Xalqaro arxitektura biyennalesining italiyalik va xorijiy mehmonlari orasida katta muvaffaqiyatga erishmoqda.
Ikki davlat o'rtasida sayyohlar oqimini oshirish bo'yicha ijobiy natijalar ko'zga tashlanayotir. Jumladan, 2022-yilda O'zbekistonga 9 mingga yaqin italiyalik sayyoh keldi. Bugungi kunda Italiya O'zbekistonga sayyohlari faol tashrif buyuradigan Yevropaning beshta davlatidan biri hisoblanadi.
Xulosa o'rnida qayd etish kerakki, O'zbekiston va Italiya o'rtasida bugungi kunga qadar erishilgan o'zaro anglashuv va sheriklik darajasi siyosiy, iqtisodiy va madaniy muloqotni muvaffaqiyatli davom ettirish hamda ikki davlat hamkorligini rivojlantirishda yangi uyg'onish davrining boshlanishi uchun mustahkam asos bo'lib xizmat qilayapti. Shu nuqtai nazardan, Italiya Prezidenti Serjo Mattarellaning O'zbekistonga bo'lajak tashrifi bu jarayonga yana bir kuchli turtki bo'lib, tomonlar o'rtasidagi mustahkam do'stlik va strategik sheriklikni har jihatdan kengaytirish va chuqurlashtirishga intilishning yaqqol tasdig'i bo'ladi.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi