O'zbekiston-Malayziya: iqtisodiy va madaniy aloqalar va kelajakka nazar
Fevral 04, 2025. 01:47 • 9 daq
• 1973
TOSHKЕNT, 4-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4-5-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Malayziyada bo'ladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Malayziya 1992-yil 21-fevralda O'zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo'lib tan olgan va mamlakatimiz bilan diplomatik munosabatlar o'rnatgan davlatlardan biri hisoblanadi. Bu munosabatlarning asosiy tamoyillari O'zbekiston va Malayziya tomonidan 1993-yil 3-aprelda qabul qilingan qo'shma kommyunikeda mustahkamlangan.
Ikki davlat o'rtasida oliy darajada samarali muloqot yo'lga qo'yilgan. Bu mamlakatlarimiz o'rtasida sezilarli jug'rofiy masofa bo'lishiga qaramay, barcha sohalarda hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 1-dekabr kuni Dubay shahrida o'tgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o'zgarishi bo'yicha konferensiyasi (SOR-28) doirasida sobiq Malayziya Podshohi Sulton Abdulloh Rioyatuddin Al-Mustafo Billoh Shoh bilan uchrashdi.
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning 2024-yil may oyida mamlakatimizga tashrifi O'zbekiston–Malayziya hamkorligiga kuchli turtki bo'ldi. Ushbu tashrif chog'ida Ko'p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to'g'risidagi Qo'shma bayonotni imzolanda. Unda tomonlarning siyosiy muloqotni, parlamentlararo aloqalarni, savdo va sarmoyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash tarafdori ekanligi tasdiqlandi. Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni yaqin kelajakda keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishdan tomonlar ham manfaatdor ekani ta’kidlandi. Bundan tashqari, Samarqandda bo'lib o'tgan O'zbekiston-Malayziya biznes-forumi yakunlariga ko'ra, umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo'lgan 19 ta investitsiya shartnomasidan iborat mustahkam hujjatlar to'plami imzolandi.
O'zbekiston va Malayziya xalqlari o'rtasidagi mustahkam do'stlik rishtalari umumiy din, urf-odat va madaniy qadriyatlarning o'xshashligiga asoslanadi. Amalga oshirilayotgan rivojlanish va modernizatsiyaga qaratilgan "O'zbekiston – 2030" va "Malayziya Madani" strategik dasturlarining maqsad va vazifalari o'xshash.
Har ikki davlat barqaror iqtisodiy o'sish, ilg'or texnologiyalarni joriy etish, hayot sifatini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga intilmoqda. Ustuvorliklarning mos kelishi bizga tajriba almashish, muvaffaqiyatli amaliyotlarni moslashtirish va turli sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish imkonini beryapti.
Xususan, parlamentlararo muloqot faol rivojlanmoqda. 2020-yilda ikki mamlakat parlamentlarida do'stlik guruhlari tashkil etilgan. Malayziya parlamenti Vakillar palatasi spikeri Johari bin Abdul 2023-yil aprel oyida o'tkazilgan O'zbekiston Konstitutsiyasiga o'zgartishlar kiritish bo'yicha referendumda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. 2024-yil iyul oyida O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Malayziyaga tashrif buyurdi.
Ikki davlat tashqi siyosat idoralari o'rtasida muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar o'tkazilib, ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar faol muhokama qilinyapti. 2024-yilning fevral va iyul oylarida O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyaning Malayziyaga tashriflari juda samarali kechdi.
O'zbekiston va Malayziya BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo'shilmaslik harakati kabi mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida ham yaqin hamkorlik qilib, global va mintaqaviy xususiyatdagi eng dolzarb muammolarga oid tashabbuslarni ilgari surish va pozitsiyalar o'xshashligini namoyish etishda bir-birini faol qo'llab-quvvatlamoqda.
Malayziya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O'zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan "2018-2024-yillarda Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish kun tartibi" (2018-yil), "Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to'g'risidagi"gi (2021). "Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro aloqalarni mustahkamlash" (2022), "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to'g'risida"gi (2022), "Markaziy Osiyo ekologik muammolar qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo'lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash" (2023), "2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilish (2024) to'g'risida"gi rezolyutsiyalarni qo'llab-quvvatladi hamda hammuallifi bo'ldi.
Ikki davlat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarga eng ko'p qulaylik yaratish tartibi joriy etilgan bo'lib, Hukumatlararo qo'shma komissiya bu yo'nalishdagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga yaqindan ko'maklashmoqda. 2024-yil 29-may kuni Kuala-Lumpurda Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi va uning yakuni bo'yicha qo'shma bayonot imzolandi.
2019-yilda Malayziyaning Toshkentdagi elchixonasida tashqi savdoni rivojlantirish bo'yicha Malayziya korporatsiyasi (MATRADE) vakolatxonasining ochilishi o'zaro savdo hajmining oshishiga ijobiy ta’sir ko'rsatdi.
2024-yilning 18-20-dekabr kunlari Petaling Jaya shahridagi "Paradigm Mall" savdo majmuasida Malayziyaning "KNKV Group" kompaniyasi bilan birgalikda O'zbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari, yong'oq va quritilgan mevalarning birinchi ko'rgazma-yarmarkasi bo'lib o'tdi. Ushbu tadbir O'zbekiston mahsulotlari Malayziya bozorida raqobatbardosh ekanligini ko'rsatdi va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning yangi tendensiyalarini belgilab olish uchun muhim platformaga aylandi.
Umuman olganda, 2024-yilda ikki davlat o'rasidagi o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 102 million AQSh dollaridan oshdi. Biroq, O'zbekiston ham, Malayziya ham bu ko'rsatkichni oshirish uchun yuqori salohiyat mavjudligini ta’kidlamoqda. Shu nuqtayi nazardan, yangi transport yo'nalishlarini izlash alohida ahamiyatga ega va bu hozirgi hamkorlikning yana bir dolzarb yo'nalishi bo'lib, u jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda O'zbekistonda Malayziya kapitali ishtirokidagi 40 ta korxona faoliyat ko'rsatayapti. O'zbekiston tadbirkorlari Malayziya bozorini endigina o'zlashtira boshladilar va bu mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo'shmoqda.
O'z navbatida, keyingi yillarda Malayziya investitsiyasi ishtirokida umumiy qiymati 12 million dollarlik oltita loyiha amalga oshirildi. Xususan, Guliston shahrida Malayziya texnologiya universiteti ishtirokida qiymati 9,3 million dollarlik infratuzilma loyihalari ishga tushirildi. Shuningdek, "Innovatsion IT-ta’lim muassasasini yaratish loyihasi" amalga oshirilmoqda.
Turizm, sog'liqni saqlash, sport sohalaridagi ikki tomonlama sheriklik yildan-yilga kengaymoqda, madaniy aloqalar mustahkamlanib, ta’lim va akademik almashinuvlar kengaymoqda. Qo'shma konferensiyalar, simpoziumlar, ko'rgazmalar, sayyohlik yarmarkalari, madaniyat va kino kunlari, konsert va festivallar muntazam o'tkazib kelinayotir.
O'zbekiston va Malayziya "Halol" standartlari va Islom banki kabi sohalarda ham o'zaro aloqalarni faollashtirmoqda. Malayziya "halol" mahsulotlarning eng yirik eksportchilaridan biri ekanligi, shuningdek, islom moliyasining xalqaro markazi sifatida e’tirof etilishini inobatga oladigan bo'lsak, bu jabhadagi hamkorlikni rivojlantirish, albatta, katta istiqbolga ega. Xususan, O'zbekistonning "halol" mahsulotlar yetkazib berishning global zanjirlariga integratsiyalashuvi va mamlakatimizda Islom banki ishini rivojlantirish, ushbu sohalarda kadrlar salohiyatini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
O'zbekiston-Malayziya madaniy-gumanitar aloqalari ikki xalqning an’analari, urf-odatlari va ma’naviy qadriyatlarini birlashtirgan o'ziga xos ko'prikdir. O'zaro hurmat va madaniy-ma’naviy merosni asrab-avaylash istagiga asoslangan bunday yaqin sheriklik mamlakatlar o'rtasidagi do'stona munosabatlarni mustahkamlashning muhim elementiga aylanib bormoqda. Mushtarak tarixiy va madaniy o'xshashliklar ta’lim, san’at, ilm-fan, turizm kabi sohalarda tajriba almashish, qo'shma loyihalarni amalga oshirish va o'zaro hamjihatlikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratayapti.
Xususan, ta’lim va tibbiyot muassasalari, islom sivilizatsiyasining boy merosini o'rganish markazlari o'rtasidagi samarali hamkorlik muttasil kengayib, ikki mamlakat aholisi uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Jumladan, Malayziya hukumatining Texnik hamkorlik dasturi (MTCR) doirasida 1994 -2024-yillarda O'zbekiston vazirlik va idoralarining 900 nafar mutaxassisi Malayziyada turli qisqa muddatli kurs va seminarlarida qatnashdi.
Bugungi kunda Malayziya oliy o'quv yurtlarida 500 dan ortiq o'zbekistonlik talaba tahsil oladi. 2021-2023-yillarda ikki davlat ta’lim ta’lim muassasalari o'rtasida 25 ta hamkorlik shartnomasi imzolangan.
2024-yil may oyida Malayziyaning "Q Study World" tashkiloti O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan birgalikda Toshkent shahrida o'zining o'quv markazini ochdi. Uning faoliyati xorijiy mamlakatlardagi oliy o'quv yurtlarida o'qish istagida bo'lgan yoshlarga yordam berishga qaratilgan.
Shuningdek, Malayziya tomoni O'zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk olimlar va mutafakkirlarning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan hissasini yuksak baholagan holda, mamlakatimizning boy ma’naviy merosini o'rganish, ommalashtirish va asrab-avaylashda faol ishtirok etmoqda.
2024-yil 30-may kuni Toshkent shahrida O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti hamkorligida tashkil etilgan "Islom sivilizatsiyasi mutafakkirlari" to'rtinchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi ana shunday o'zaro hamkorlikka misol bo'la oladi. 2024-yil 22-oktabr kuni Kuala-Lumpurda xalqaro konferensiyasi doirasida Imom Buxoriy ilmiy merosini o'rganishda zamonaviy yondashuvlarning o'rni muhokama qilindi.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yilning yanvar oyida Malayziyaga safari juda samarali bo'ldi. Malayziya Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti mamlakatimiz madaniy merosiga oid tarixiy qo'lyozmalar – Abu Rayhon Beruniyning "At-Tafhim" va Abul-Qasim Firdavsiyning "Shohnoma" asarlarining faksimil nusxalarini O'zbekiston tomoniga topshirdi. 2022-yilda "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" turkumi doirasida Malayziya Islom san’ati muzeyi kolleksiyasiga bag'ishlangan maxsus kitob-albom nashr etilganini alohida ta’kidlash kerak.
Malayziya vakillari ham O'zbekistonda o'tkazilayotgan xalqaro madaniy, musiqiy, sport va ma’rifiy tadbirlarning muntazam ishtirokchilari hisoblanadi. O'z navbatida, o'zbekistonlik san’atkorlar Malayziyada gastrol safarlarida bo'lib, o'zbek milliy musiqa va raqs san’atining boy merosini keng namoyish etib kelayotir.
Malayziyada milliy o'zbek me’morchilik uslubi va an’analariga alohida hurmat bilan yondashiladi. O'zbekiston hunarmandlari Malayziyadagi ko'plab yirik inshootlar va ma’muriy binolarni noyob me’morchilik texnikasidan foydalangan holda ta’mirladilar. Dunyoga mashhur Petronas egizak minoralari, filarmoniya konsert zali, Bosh vazir qarorgohi yonida joylashgan mamlakatdagi eng katta Putra masjidi, Kuala-Lumpurdagi An-Nur va Kampung Klang masjidi, Islom san’ati muzeyi va Kedaxdagi Al-Buxoriy xalqaro universiteti, Johor va Saboh shtatlari hukumat binolari va ularning gumbazlari milliy o'zbek naqshlari bilan bezatilgan.
Malayziya kinoijodkorlarining mamlakatimizga qiziqishi ham ortib bormoqda. 2020-yilda Malayziyadan kelgan suratga olish guruhi Samarqand, Buxoro va Xivaning diqqatga sazovor joylari haqida 10 qismdan iborat hujjatli film suratga oldi. Ular Malayziyaning yetakchi "TV1" va "TV2" telekanallari orqali namoyish etildi. 2024-yilda Malayziyaning "RTM" telekanali Buxoroning ziyorat turizmi salohiyatiga bag'ishlangan maxsus filmni namoyish etdi. Shuningdek, O'zbekiston madaniy merosi va sayyohlik salohiyati haqida 10 qismli hujjatli filmni suratga olish bo'yicha kelishuvga erishilgan.
O'zbekiston, o'z navbatida, Malayziya xalqi uchun o'z eshiklarini keng ochdi. Jumladan, 2018-yil fevral oyidan buyon ushbu mamlakat fuqarolarining respublikamizga kirishi uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilingan. O'rnatilgan muntazam havo qatnovlari o'zaro sayyohlik oqimining oshishiga xizmat qilmoqda. 2024-yilda O'zbekistonga kelgan malayziyalik sayyohlar soni salkam 10 ming kishini tashkil etdi.
2019-yilning fevral oyida Buxoroda bo'lib o'tgan ziyorat turizmi bo'yicha birinchi xalqaro forum davomida Malayziyaning Perlis shtati muftiysi Mohd Asri bin Zaynul Obidin O'zbekistonning ziyorat turizmi bo'yicha faxriy elchi etib tayinlandi. O'sha yilning aprel oyida O'zbekistonda tug'ilgan malayziyalik aktyor Daler Hamroqulov ham O'zbekiston turizm brendining Malayziyadagi elchisi bo'ldi.
O'zbekiston turoperatorlari Malayziyadagi yirik "MATTA Fair" sayyohlik ko'rgazmasi va boshqa nufuzli yarmarkalarning, Malayziya mehmondo'stlik sanoati vakillari esa an’anaviy Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasining doimiy ishtirokchisi hisoblanadi.
Muxtasar aytganda, O'zbekiston–Malayziya munosabatlari rivojining ufqlari yil sayin kengayib bormoqda. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga bo'lajak tashrifi, shubhasiz, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashdagi navbatdagi bosqichning boshlanishi bo'lib, tomonlarning uzoq muddatli ishonchli sheriklik munosabatlarini shakllantirish istagini tasdiqlaydi. Bu nafaqat amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, balki samarali hamkorlikning yangi yo'nalishlarini aniqlash imkonini ham beradi. Shuningdek, tashrif davomida imzolanadigan hujjatlar va erishiladigan kelishuvlar mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash, O'zbekiston va Malayziya o'rtasidagi biznes va gumanitar almashinuv uchun yangi imkoniyatlar yaratadigan strategik loyihalarni amalga oshirish uchun asos bo'lishi kutilmoqda.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi