Logo

Avstriyadan munosabat: O'zbekiston Prezidenti BMTdagi nutqida keng qamrovli va muhim strategiyani belgilab berdi

Oktabr 07, 2025. 19:01 • 2 daq

113
Avstriyadan munosabat: O'zbekiston Prezidenti BMTdagi nutqida keng qamrovli va muhim strategiyani belgilab berdi

VENA, 7-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Yevropa tadqiqotlari va xavfsizlik siyosati instituti vitse-prezidenti, YXHT Parlament Assambleyasining sobiq raisi Kristin Muttonen (Avstriya) "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqi haqidagi fikrlarini bildirdi.

– O'zbekiston Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasidagi nutqida ta'lim, xususan, maktabgacha ta'limga urg'u berdi — bu O'zbekistonning kelajagi uchun juda muhim va asosiy poydevordir. Bolalarga sarmoya kiritgan holda, O'zbekiston ularning tez o'zgarib borayotgan dunyoda muvaffaqiyatga erishishi uchun zarur bo'lgan ko'nikma va bilimlarga ega bo'lishini ta'minlamoqda.

Prezidentning o'qituvchilar va ularning ta'limiga oid masalalarga e'tibor qaratishi ham g'oyatda muhimdir. O'qituvchilik kasbini mustahkamlash va bilim almashish imkoniyatlarini yaratish nafaqat ta'lim sifatini yaxshilaydi, balki keyingi avlod rahbarlarini ilhomlantiradi. Shu munosabat bilan, O'zbekistonda Butunjahon professional ta'lim sammitini o'tkazish taklifi juda o'rinli, deb o'ylayman.

O'zbekiston yetakchisining gender tenglikka bo'lgan sadoqati ayniqsa e'tiborga loyiq. O'zbekiston rivojlanayotgan bir paytda, ayollarning faolligini oshirishga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Gender tengligi va to'g'ri gender siyosati faqat ma'naviy majburiyat emas, balki barqaror rivojlanish va tinchlik uchun zaruriy shartdir.

Shuningdek, Markaziy Osiyoni hamkorlik va tinchlik mintaqasiga aylantirish haqidagi O'zbekiston Prezidentning qarashini ham e'tirof etmoqchiman. Chegaralararo savdo, hamkorlik va qo'shma infratuzilma loyihalari iqtisodiy o'sish hamda qo'shni mamlakatlar o'rtasida o'zaro hurmat uchun poydevor yaratadi.

Iqlim o'zgarishi masalasi ham nutqda ta'kidlangan dolzarb masalalardan biridir. Iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish, suv tanqisligini bartaraf etish va Orol dengizi ekotizimini tiklash nafaqat O'zbekiston, balki butun jahon barqarorligi uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Xulosa o'rnida ta'kidlash kerakki, O'zbekiston Prezidenti BMTdagi nutqida keng qamrovli va muhim strategiyani belgilab berdi. Ushbu tashabbuslarning barchasi bir-biriga o'zaro bog'liq bo'lib, O'zbekiston va keng Markaziy Osiyo mintaqasi uchun farovon va tinch kelajak qurishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish