Logo

Misrdan munosabat: O'zbekiston va Xitoy rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar barcha sohada misli ko'rilmagan darajaga ko'tarildi

Yanvar 26, 2024. 10:39 • 2 daq

88
Misrdan munosabat: O'zbekiston va Xitoy rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar barcha sohada misli ko'rilmagan darajaga ko'tarildi

QOHIRA, 26-yanvar. /"Dunyo" AA/. Misrning "Hivor" siyosiy-axborot tadqiqotlari markazi direktori Ahmad Tohir "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga buyurgan davlat tashrifi yakunlari haqidagi fikrlarini bildirdi: 

– Men xalqaro masalalar bo'yicha mutaxassis sifatida O'zbekistonning, ayniqsa, so'nggi yetti yildagi taraqqiyotini diqqat bilan kuzatib borayapman.


O'zbekiston va Xitoy rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar barcha soha hamda yo'nalishlarda misli ko'rilmagan darajaga ko'tarilgani menda katta taassurot qoldirdi. O'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning o'ziga xos ko'p bosqichli tizimi, jumladan, Hukumatlararo qo'mita, Parlamentlararo guruh, tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasidagi strategik muloqot, faol gumanitar va mintaqalararo almashinuv kabi mexanizmlar shakllantirildi.


Xitoy O'zbekistonning eng yirik savdo sherigiga aylandi. Bu ko'rsatkichni, jumladan, o'zaro sifatli qishloq xo'jaligi va sanoat mahsulotlari yetkazib berishni ko'paytirish hisobiga 20 milliard dollarga yetkazish imkoniyati mavjud. O'zbekistonga Xitoy sarmoyasi jadal sur'atlar bilan o'sib bormoqda. Pekinning «Bir makon va yo'l» global tashabbusi birlashtiruvchi kuchga aylandi va Markaziy Osiyo mintaqasining geografik kamchiliklarini afzalliklarga aylantirishga yordam bermoqda.


Xitoyning «Jenmin jibao» gazetasida chop etilgan «O'zbekiston – Xitoy: ming yilliklarni qamrab olgan do'stlik va hamkorlik» sarlavhali maqolani katta qiziqish bilan o'qib chiqdim. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston-Xitoy munosabatlarini rivojlantirish bo'yicha o'z qarashlarini bayon qilgan. O'zbekiston rahbari ushbu maqolada ikki davlat o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikning muhim vazifalarini amalga oshirish bo'yicha yangi uzoq muddatli kun tartibi va dasturlarni ishlab chiqishni taklif qilganini alohida ta'kidlamoqchiman.


O'ylaymanki, Xitoy bilan ko'p qirrali munosabatlarni rivojlantirish O'zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lib kelgan va shunday bo'lib qoladi.


O'zbekiston yetakchisining davlat tashrifi O'zbekiston-Xitoy hamkorligini yana-da kengaytirish va mustahkamlashga turtki bo'lishiga ishonaman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish