Logo

Misrdan munosabat: Boy tabiiy resurslarga ega Jizzax viloyati tobora muhim iqtisodiy markazga aylanmoqda

Aprel 26, 2025. 07:18 • 2 daq

74
Misrdan munosabat: Boy tabiiy resurslarga ega Jizzax viloyati tobora muhim iqtisodiy markazga aylanmoqda

QOHIRA, 26-aprel. /"Dunyo" AA/. Misrning "Bell Energy" kompaniyasi vakili Hani Sathya "Dunyo" AA uchun intervyusida 23-24-aprel kunlari Zomin tumanida bo'lib o'tgan "Jizzax – 2025" xalqaro biznes-forumi yakunlari haqidagi fikrlarini bayon qildi:

– Sayyohlik salohiyati jihatidan betakror bo'lgan Zomin tumanida o'tkazilgan xalqaro biznes-forumda ishtirok etish men uchun qimmatli va ilhomlantiruvchi tajriba bo'ldi.

Avvalo, meni ushbu muhim tadbirga taklif qilgani uchun O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatingizning Misrdagi elchixanasiga minnatdorlik bildiraman. Forum hukumat tuzilmalari, biznes vakillari va xalqaro investorlar o'rtasida chinakam muloqot maydoniga aylandi.

O'zbekiston yetuk va izchil investitsiya siyosatini namoyon etmoqda. Jizzax viloyatida taqdim etilgan tashabbuslar mamlakat rahbariyatining hududlarni ularning o'ziga xos salohiyatidan kelib chiqqan holda rivojlantirishga bo'lgan qat'iy intilishini yaqqol ko'rsatdi. Ayniqsa, qishloq xo'jaligi, to'qimachilik sanoati, turizm va ekologik barqaror texnologiyalarga qaratilgan e'tibor menda katta taassurot qoldirdi.

Forum O'zbekistonning faol xalqaro diplomatiyasi fonida o'tkazilgani alohida e'tiborga molik. Bu holat davlatingiz rahbarining strategik tafakkuri – barqaror rivojlanish, mintaqaviy integratsiya va ochiqlikka asoslangan kelajak tasavvurini yana bir bor tasdiqlaydi.

Boy tabiiy resurslarga ega Jizzax viloyati tobora muhim iqtisodiy markazga aylanmoqda. Forum ushbu hududda uzoq muddatli investitsiyalar va hamkorliklar uchun real shart-sharoitlar yaratilganini ko'rsatdi.

Men jizzaxlik tadbirkorlar va hokimiyat vakillari bilan yaqin kunlarda yana bir marotaba uchrashib, investitsiyaviy loyihalarni amaliyotga tadbiq etish masalalarini muhokama qilishga kelishib oldim.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish