Berlindan munosabat: Bugungi ko'p qutbli dunyo tartibida O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasida shakllangan sheriklik barqaror, ko'p qirrali va istiqbolli tashqi siyosat uchun namuna sifatida namoyon bo'lmoqda
Iyul 06, 2025. 11:22 • 2 daq
• 61
BERLIN, 6-iyul. /"Dunyo" AA/. Germaniya Iqtisodiy rivojlanish va tashqi savdo federal assotsiatsiyasi boshqaruvchi direktori Urs Unkauf "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2-4-iyul kunlari Ozarbayjonga buyurgan davlat tashrifi haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi:

– O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bokuga navbatdagi davlat tashrifi O'zbekiston bilan Ozarbayjon o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning yuksak darajada faollashganidan dalolat beradi. Ikki davlatni nafaqat turkiy ildizlarga ega mushtarak madaniy va tarixiy meros, balki mustahkam do'stlik va strategik sheriklikka asoslangan hamkorlik aloqalari bog'lab turadi.
So'nggi yillarda O'zbekiston va Ozarbayjon o'z mintaqalarida – Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda yetakchi davlatlar sifatida shakllandi. Rasmiy Toshkent va Boku o'rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy integratsiyalashuv va geosiyosiy diversifikatsiyaga tobora katta hissa qo'shmoqda. 2024-yilda imzolangan va bugungi kunda 200dan ortiq ikki tomonlama kelishuvlarni o'z ichiga oladigan Ittifoqchilik munosabatlari to'g'risidagi shartnoma sheriklikni institutsionallashgan hamkorlikning sifat jihatidan yangi darajasiga ko'tarmoqda.
Turli sohalardagi iqtisodiy o'zaro uyg'unlashuv qiymat yaratish va kelajak texnologiyalariga pragmatik e'tibor qaratilayotganini ko'rsatadi. Ayniqsa, Markaziy Osiyodan Yevropaga O'rta yo'lak orqali uzoq muddatli energiya tranzitini yo'lga qo'yish bo'yicha umumiy maqsad alohida e'tiborga molikdir – bu mintaqaning sarhadlaridan tashqaridagi ahamiyatga ega bo'lgan strategik loyiha.
Bundan tashqari, logistika yo'laklari va mintaqalararo forumlarning kengaytirilishi O'zbekiston va Ozarbayjonning Osiyo va Yevropa o'rtasidagi ko'prik rolini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ushbu sinergiyalar bu hamkorlikni nafaqat ikki tomonlama, balki yirik transmintaqaviy jarayonlarning bir qismi sifatida tushunish kerakligini ko'rsatadi.
Bugungi ko'p qutbli dunyo tartibida O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasida shakllangan sheriklik barqaror, ko'p qirrali va istiqbolli tashqi siyosat uchun namuna sifatida namoyon bo'lmoqda. Shu bois, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga galdagi tashrifi nafaqat oliy darajadagi diplomatik muhim voqea, balki mustahkamlanib borayotgan mustaqil mintaqaviy hamkorlik va davlatlarning o'sib borayotgan xalqaro nufuzidan dalolat beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari