Iordaniyadan munosabat: Bir-biridn uzoqda bo'lgan mamlakatlar o'rtasida ham uzilmas rishtalar yaratilishi mumkin
Avgust 25, 2025. 19:42 • 5 daq
• 170
AMMAN, 25-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Iordaniyadagi faxriy konsuli Luay Abu-G'azzoliy "Dunyo" AA uchun intervyusida Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning O'zbekistonga boshlangan davlat tashrifihaqidagi fikrlarini bildirdi:

– Osiyoning turli burchaklarida joylashgan O'zbekiston va Iordaniya bir qarashda bir-biridan tubdan farq qiladigan mamlakatlardek tuyulishi mumkin. O'zbekiston o'zining boy Ipak yo'li merosi va keng dashtlari bilan Iordaniyaning qadimiy Injil landshaftlari va cho'llaridan farq qiladi. Biroq, chuqurroq o'rganib chiqsak, ikki davlat o'rtasida islom an'analariga asoslangan madaniy aloqalardan tortib barqarorlik va taraqqiyotga umumiy urg'u berishgacha chuqur o'xshashlik borligi ayon bo'ladi.
So'nggi yillarda, ayniqsa, 2025 yilda ikki tomonlama munosabatlar misli ko'rilmagan darajaga yetdi, bunga yuqori darajadagi tashriflar, iqtisodiy kelishuvlar va madaniy almashinuvlar ta'sir ko'rsatdi. O'zbekistonning Iordaniyadagi Faxriy konsuli sifatida men shaxsan o'zim hech qachon kuzatilmagan dinamik muloqotning guvohi bo'ldim va ishonchim komilki, kelgusida hamkorlik qilish imkoniyatlari juda katta.
2025 yil O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Ammanga tashrifi bilan boshlandi. Basman saroyida Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda vazir O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy maktubini taqdim etdi.
Iordaniya Bosh vaziri o'rinbosari, tashqi ishlar va muhojirlar vaziri Ayman Safadiy bilan bo'lib o'tgan muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tashrif yakunida asosiy kelishuvlar, jumladan, diplomatik pasport egalari uchun vizadan ozod etish va ikki tomonlama hamkorlik dasturi imzolandi. Mazkur kelishuvlar almashinularni osonlashtirib, xalqlar va rasmiy aloqalarni mustahkamlashga sodiqlikning ramzi bo'ldi
Tashqi ishlar vazirlari yil davomida muntazam aloqada bo'ldi. Ular Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi kabi ko'p tomonlama tadbirlar doirasida uchrashib, mintaqaviy barqarorlik va islom birdamligi yo'lida mushtarak manfaatlarni ta'kidladilar. 6 avgust kuni bo'lib o'tgan telefon orqali muloqot istiqboldagi qo'shma tashabbuslar kun tartibini ilgari surish yo'lidagi yana bir qadam bo'ldi.
Iyun oyida O'zbekistonning Iordaniyadagi elchisi (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Nodirjon Turg'unov Podshoh Abdulla II ibn al-Husaynga ishonch yorliqlarini topshirib, diplomatik munosabatlarni mustahkamladi.
Iqtisodiy diplomatiya avgust oyida O'zbekiston investitsiya, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratovning Iordaniyaga tashrifi bilan yangi dinamika oldi. Bu tashrif chog'ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy imkoniyatlar va qo'shma korxonalarni rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Vazir Laziz Kudratov Iordaniya investitsiya vaziri va boshqa muhim shaxslar, jumladan, Iordaniya fosfat kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvlar o'tkazib, tog'-kon sanoati, farmatsevtika va o'g'it sanoati sohalarida hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildi.
Joriy yilning boshida Iordaniya Savdo-sanoat palatasi va O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki mamlakat ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashda muhim poydevor bo'ldi. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ham iqtisodiy masalalarni muhokama qilish, qishloq xo'jaligi va texnologiya kabi sohalarga e'tibor qaratish maqsadida Ammanga tashrif buyurdi.
Madaniy almashinuvlar O'zbekiston-Iordaniya munosabatlariga alohida turtki bermoqda. 2025 yil may oyida Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha Islom tashkiloti (ICESCO) Samarqand shahrini "Islom dunyosining madaniy poytaxti" deb e'lon qilish bo'yicha tadbirni o'tkazdi. Ushbu faxriy unvon O'zbekistonning buyuk sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi tarixiy rolini yana bir bora tasdiqladi.Tadbir doirasida Iordaniya madaniyat vaziri boshchiligidagi delegatsiya madaniy merosni asrab-avaylash va qo'shma dasturlar ishlab chiqish masalalarini muhokama qilish maqsadida Samarqandga tashrif buyurdi. Bu tashabbuslar Buxorodagi mahobatli masjidlardan tortib, Ajlun qal'asi kabi Iordaniyaning tarixiy yodgorliklarigacha bo'lgan mamlakatlarni birlashtiruvchi umumiy islom merosini mustahkamlaydi.
Ta'lim sohasi hamkorlikning yana bir muhim yo'nalishi. Iordaniyada tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar soni ortib bormoqda. O'z navbatida, O'zbekiston axborot texnologiyalari, tibbiyot va qishloq xo'jaligi kabi sohalarda almashinuv dasturlarini taklif qilish orqali iordaniyalik talabalar uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu sa'y-harakatlar nafaqat inson kapitalini rivojlantirish, balki xalqlarimiz o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ham zamin yaratadi.
Diplomatiyadan tashqari O'zbekiston va Iordaniyaning o'xshash jihatlari ham bor. Har ikki mamlakatda ham aholi barqarorlik, iqtisodiy rivojlanish, global muammolarga qarshi kurashda madaniy an'analarni saqlashni qadrlab, o'z yetakchilarini faol qo'llab-quvvatlamoqda. O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning an'analarga hurmat bilan iqtisodiyotni modernizatsiya qilish borasidagi islohotlari yuksak baholanmoqda. Xuddi shunday, Podshoh Abdulla II ibn al-Husaynning dono va inklyuziv boshqaruv yo'li hamda mintaqaviy murakkabliklarni hal qilish qobiliyati bilan Iordaniyada yuksak hurmatga sazovor bo'ldi.
Hamkorlik salohiyati juda yuqori. Turizm, ayniqsa istiqbolli yo'nalish sifatida ajralib turadi. Registon maydoni kabi O'zbekistondagi YUNESKO obyektlari iordaniyalik sayyohlarni o'ziga jalb qilishi mumkin, Iordaniyadagi O'lik dengiz va Rum Vodi esa o'zbeklar uchun noyob tajribalarni taqdim etadi. Viza rejimining yaxshilanishi va to'g'ridan-to'g'ri aviareyslarni yo'lga qo'yish bilan sayyohlar oqimi sezilarli darajada oshishi mumkin. Iqtisodiy nuqtai nazardan, qayta tiklanadigan energiya manbalari, to'qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash bo'yicha qo'shma korxonalar O'zbekistonning tabiiy resurslari va Iordaniyaning strategik joylashuvidan foydalangan holda katta salohiyatga ega.
O'zbekiston va Iordaniya o'rtasidagi 25-avgust kuni boshlangan oliy darajadagi muzokaralar mamlakatlarimiz o'rtasidagi o'zaro munosabatlarda yangi sahifa – o'zining intensivligi va ko'lami bo'yicha misli ko'rilmagan bobni ochadi.
Diplomatik bosqichlardan tortib, iqtisodiy kelishuvlar va madaniy sinergiyalargacha bo'lgan o'zaro ta'sirlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Faxriy konsul sifatida men bu jadallik xalqlarimizga sezilarli darajada foyda keltirib, Osiyo birdamligining eng yaxshi namunasi bo'lgan hamkorlikni rivojlantirishiga umid qilaman. O'ylaymanki, xalqlarimiz o'rtasidagi aloqalar yana-da mustahkamlanadi va hatto geografik nuqtai nazardan bir-biridan uzoq bo'lgan mamlakatlarimiz o'rtasida uzilmas rishtalar yaratiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot
Yangi O'zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari