Logo

Madriddan munosabat: O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar butun Markaziy Osiyo mintaqasining uzoq muddatli o‘sishi uchun poydevor yaratmoqda

May 05, 2026. 08:10 • 3 daq

334
Madriddan munosabat: O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar butun Markaziy Osiyo mintaqasining uzoq muddatli o‘sishi uchun poydevor yaratmoqda

MADRID, 5-may. /“Dunyo” AA/. Umum-Yevropa Ittifoqining Ispaniyadagi prezidenti, professor Karlos Uriarte Sanches “Dunyo” AAga Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishining ahamiyati haqida fikr bildirdi:

– Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishini katta qiziqish va e’tibor bilan kuzatib bormoqdaman. Ishonchim komilki, bunday nufuzli forum uchun aynan Yangi O‘zbekistonning tanlanishi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarning qonuniy natijasidir.

Fikrimcha, davlatimiz rahbarining iqtisodiyotni chuqur transformatsiya qilish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan izchil va pragmatik siyosati mamlakatimizning bugungi yutuqlarining asosiy omili bo‘ldi. Nisbatan qisqa davrda O‘zbekiston ta’sirchan natijalarni ko‘rsatdi – iqtisodiyot hajmi qariyb uch barobarga 50 milliard dollardan 147 milliard dollargacha o‘sdi. 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etildi, eksport hajmi uch barobarga oshdi.

Ayniqsa, o‘sish nafaqat miqdoriy, balki sifat xarakteriga ham ega ekani diqqatga sazovordir. Global beqarorlik sharoitida iqtisodiyot yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sish 8,7 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, ijtimoiy ko‘rsatkichlar sezilarli darajada yaxshilandi. Kambag‘allik darajasi qariyb 35 foizdan 5,8 foizga tushdi, millionlab fuqarolarning daromadlari esa sezilarli darajada oshdi.

Asosiy tarmoqlarda jadal modernizatsiya ishlari olib borilayotgani alohida e’tiborga loyiq. Energetika sohasida 35 milliard dollar investitsiya hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish 1,5 barobarga oshib, 87 milliard kilovatt soatga yetdi, “yashil” energetika sektori faol rivojlanmoqda. Raqamli texnologiyalar va innovatsiyalarga asoslangan yangi iqtisodiyot, jumladan, sun’iy intellekt sohasidagi keng ko‘lamli dasturlar shakllantirilmoqda.

Bu o‘zgarishlarning barchasi bugungi kunda nafaqat moliyaviy institut, balki O‘zbekistonning to‘laqonli strategik hamkori bo‘lgan Osiyo taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilayotgani muhim, deb hisoblayman. Qo‘shma loyihalar allaqachon keng ko‘lamga ega bo‘lib, infratuzilma, xususiy sektor va inson kapitalining barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda.

Ishonchim komilki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Samarqand forumi doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslar – raqamlashtirish, “yashil” energetika, transport o‘zaro bog‘liqligi va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish sohasida uzoqni ko‘zlagan yondashuvni namoyish etadi va nafaqat O‘zbekistonning, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining uzoq muddatli o‘sishi uchun asos yaratadi.


Umuman olganda, Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan siyosat bugunning o‘zidayoq aniq va o‘lchanadigan natijalarni bermoqda. O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlamoqda va 2030-yilgacha bo‘lgan ulkan rivojlanish maqsadlariga erishish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda, deb hisoblayman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish