Logo

Pokistondan munosabat: O'zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining rivojlanishi nafaqat ikki tomonlama yutuq, balki mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik arxitekturasiga qo'shilgan hissadir

Aprel 25, 2025. 09:32 • 2 daq

50
Pokistondan munosabat: O'zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining rivojlanishi nafaqat ikki tomonlama yutuq, balki mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik arxitekturasiga qo'shilgan hissadir

ISLOMOBOD, 25-aprel. /"Dunyo" AA/. Pokistondagi Quaid-i Azam universitetining siyosat va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani professor Zafar Navoz Jaspal "Dunyo" AA uchun intervyusida Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning 23-24-aprel kunlari Samarqand shahriga buyurgan tashrif haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Turkman xalqining milliy yetakchisining O'zbekistonga bu galgi tashrifi Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo'lidagi muhim qadamdir.

Pokiston Janubiy va Markaziy Osiyo o'rtasidagi mintaqalararo o'zaro bog'liqlik va savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishning faol tarafdori bo'lgan holda mintaqa barqarorligi va farovonligidan manfaatdor. Pokiston jamoatchiligi O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi munosabatlarning yana-da yaqinlashishini katta qiziqish bilan kuzatmoqda.

Birinchidan, rasmiy Toshkent va Ashxobod o'rtasidagi strategik muloqot darajasi hayratlanarlidir. Oliy darajada o'tgan muzokaralar tomonlarning nafaqat munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratilgan siyosiy irodasi, balki ularning chegaraoldi savdosini rivojlantirishdan tortib, madaniy almashinuvgacha bo'lgan amaliy yo'nalishini ham namoyon etdi. Pokiston bu tashabbuslarni Markaziy Osiyoda barqaror tinchlik va iqtisodiy o'sishning muhim elementlari sifatida baholaydi, bu esa o'z navbatida ularning Janubiy Osiyo davlatlari bilan siyosiy muloqotlarida o'z aksini topadi.

Pokistonlik ekspertlarning fikricha, mintaqadagi ana shunday tashabbuslar uchun namuna bo'lishi mumkin bo'lgan Shovot-Toshhovuz chegara savdo zonasini yaratish bo'yicha hamkorlikdagi ishlar alohida qiziqish uyg'otadi. Pokiston mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konsepsiyasini ilgari suruvchi davlat sifatida transchegaraviy o'zaro hamkorlikning bunday shakllarini to'liq qo'llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, transport va logistika sohasidagi hamkorlik muhimligini ta'kidlash lozim. Turkmaniston va O'zbekiston transkontinental yo'nalishlar, jumladan, Janubiy Osiyoga olib boruvchi yo'laklarni rivojlantirishda muhim rol o'ynaydi. Ikki mamlakat o'rtasida yuk tashish hajmini oshirish va infratuzilmani rivojlantirish Pokiston portlari, jumladan Karachi va Gvadar bilan integratsiya istiqbollarini ochadi.

Madaniy nuqtai nazardan, gumanitar almashinuvlar faollashgani, O'zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlarining o'tkazilishi xalqlar o'rtasidagi o'zaro hamjihatlikni mustahkamlamoqda. Bu, ayniqsa, madaniy diplomatiya tinchlik uchun kuchli vositaga aylanib borayotgan global beqarorlik sharoitida muhim ahamiyatga ega.

Ikki davlat yetakchilarining muzokaralari kun tartibiga mintaqaviy hamkorlik masalalari kiritilgani mamlakatlar uchun tinchlik va xavfsizlik muhimligini ko'rsatadi.

Shuningdek, muzokaralari kun tartibiga "Markaziy Osiyo plyus" va Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi kabi istiqbolli mintaqaviy formatlarga oid masalalar kiritilgani esa mintaqa davlatlarining ko'p tomonlama hamkorlikning barqaror mexanizmlarini yaratish istagini bildiradi.

Ishonch bilan aytishim mumkinki, O'zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining rivojlanishi nafaqat ikki tomonlama yutuq, balki mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik arxitekturasiga qo'shilgan hissadir.

Pokiston ekspertlar hamjamiyati bu kabi sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlaydi va Markaziy Osiyo kelajagi birdamlik, pragmatizm va ochiqlikda, deb hisoblaydi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish