Logo

Saudiya Arabistonidan munosabat: O'zbekiston rahbarining Vashingtonga tashrifi AQSh va Markaziy Osiyo hamkorligida yangi bosqichni boshladi

Noyabr 12, 2025. 12:57 • 2 daq

95
Saudiya Arabistonidan munosabat: O'zbekiston rahbarining Vashingtonga tashrifi AQSh va Markaziy Osiyo hamkorligida yangi bosqichni boshladi

AR-RIYOZ, 12-noyabr. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining "Sahm News" elektron gazetasi muharriri Abdulhamid Hamid Abdulloh al-Kubbi "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidentining AQSHga tashrifi va Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining "C5+1" formatdagi sammitdagi ishtiroki haqida fikr bildirdi:

– O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga rasmiy tashrifi mintaqa siyosatida jiddiy burilish yasadi. Natijada, "C5+1" sammit yakunlari bo'yicha umumiy qiymati 105 milliard dollardan ortiq bo'lgan kelishuvlarga erishildi.

O'zbekiston AQSh va Markaziy Osiyo o'rtasidagi hamkorlik formatini sezilarli darajada o'zgartiradigan tashabbuslarni taqdim etdi. Aslida, bu yangi geosiyosiy voqelik bo'lib, unda O'zbekiston mintaqadagi asosiy davlat rolini mustahkamlamoqda. Qolaversa, uran, litiy va misning sezilarli zaxiralariga ega bo'lgan jahon bozoriga kirish imkoniyatiga ega bo'lmoqda.

Shavkat Mirziyoyev AQShga tashrifi chog'ida ikki – siyosiy va iqtisodiy yo'nalishda ish olib bordi. AQSh Kongressi a'zolari bilan uchrashuvlar amerikalik qonun chiqaruvchilarning hamkorlikni chuqurlashtirish va O'zbekistondagi islohotlarni qo'llab-quvvatlashga bo'lgan qiziqishni oshirdi. Shu bilan birga, "Boeing", "General Motors", "Google", "Meta" kabi yirik kompaniyalar bilan energetika, raqamlashtirish va qishloq xo'jaligiga "aqlli" texnologiyalarni joriy etish bo'yicha istiqbolli loyihalarni qamrab olgan kelishuvlar imzolandi.

Tashrifning eng yorqin lahzasi Oq uyda Donald Tramp raisligida bo'lib o'tgan "C5+1" formatidagi sammit bo'ldi. Shavkat Mirziyoyev ushbu formatda doimiy faoliyat yuritadigan kotibiyat tuzish, Investitsiyalar va savdo vazirlarining muvofiqlashtiruvchi kengashini ta'sis etish hamda Mintaqaviy sheriklik fondini ishga tushirishni taklif qildi. Ushbu tashabbuslarni jahon hamjamiyati katta qiziqish bilan qarshi oldi.

Tashrif shuni ko'rsatdiki, O'zbekiston bugungi kunda Markaziy Osiyoning shunchaki tranzit markazi emas, balki mustaqil va xaridorgir hamkoridir. Taklif etilayotgan tashabbuslar va imzolangan bitimlar O'zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, uning tranzit salohiyatini mustahkamlash va texnologik jihatdan jadallashtirishga xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish