Buyuk Britaniyadan munosabat: Zominda bo'lib o'tgan biznes-forum dunyo hamjamiyati tomonidan O'zbekiston bilan hamkorlik qilishga bo'lgan qat'iy qiziqish ifodasidir
Aprel 26, 2025. 12:31 • 2 daq
• 101
LONDON, 26-aprel. /"Dunyo" AA/. "Xalqaro biznes-forum Jizzax 2025" tadbirida ishtirok etgan Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralari vakillari "Dunyo" AA uchun intervyusida mazkur anjumanning ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

Sanjar Mavlonov, "Moneff" kompaniyasi asoschisi va ijrochi direktori:
– "Xalqaro biznes-forum Jizzax 2025" tadbirida ishtirok etganim men uchun katta ilhom manbai bo'ldi. Forumning Zomin kabi go'zal va tarixiy hududda tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega bo'lib, u nafaqat investitsion muhit, balki hududlarning salohiyatini ochib berishga qaratilgani bilan ham e'tiborga molikdir.
Markazdan olis joyda bo'lganligiga qaramasdan, tadbir yuqori saviyada o'tdi. Bu uchun tashkilotchilarga, jumladan, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga alohida minnatdorlik bildiramiz.
Forumda 30 dan ortiq mamlakatdan kelgan 300 dan ortiq mehmonlarning ishtirok etgani ham O'zbekistonga bo'lgan xalqaro ishonchning ortib borayotganidan darak beradi. Shuningdek, ushbu jihat dunyo hamjamiyati tomonidan O'zbekiston bilan hamkorlik qilishga bo'lgan qat'iy qiziqish ifodasidir.
Bu, shubhasiz, diplomatik vakolatxonalar va tegishli vazirliklarning targ'ibot faoliyatining samarasidir.
Menimcha, hududlarda mana shunday xalqaro tadbirlarni doimiy ravishda o'tkazib borish kerak. Bu nafaqat viloyatlar rivoji, balki respublika iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, turizm va sanoat salohiyatini to'liq ochib berishda ham muhim rol o'ynaydi.
Dilshod Mixmanov, "Conspectus UK Limited" kompaniyasi moliyaviy ishlar bo'yicha direktori:
– Tadbirning har bir jihati puxta o'ylangan, mehmonlarga munosib ehtirom ko'rsatildi, muhit esa samimiy va konstruktiv ruhda kechdi.
Zominning xalqaro muloqot markaziga aylanganligi, albatta, katta natija. Bu yerdagi infratuzilmaning rivojlanganligi, zamonaviy mehmonxonalar va majmualar, ko'rgazma zallari va qulay logistika yechimlari – bularning barchasi O'zbekiston hududlarining qanday iqtisodiy salohiyatga ega ekanligini namoyon etadi.
Tashkiliy tomondan tashqari, forum mazmuniy jihatdan ham samarali bo'ldi. Ishtirokchilar tadbirkorlik subyektlari va investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishdi. Maxsus ko'rgazmalar, "B2B" formatdagi uchrashuvlar, investitsiya loyihalarining taqdimotlari tashkil etildi.
Zomindagi tadbirda Britaniya kompaniyalari ham faol bo'ldi. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlik aloqalarining yanada chuqurlashayotgani, ayniqsa moliyaviy sohadagi istiqbollar, britaniyalik tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Kompaniyamiz o'tgan 6 yil davomida O'zbekistonda turli loyihalar amalga oshirdi. Bugungi kunda esa Qashqadaryo viloyatida mini GESni qurish va uni ekspluatatsiyaga topshirish maqsad qilganmiz. Ishonamanki, bu kabi forumlar kelgusida ham xalqaro hamkorlikni mustahkamlab, yangi loyihalarga yo'l ochadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kenji Hirata: Yaponiya–O‘zbekiston munosabatlari yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
O‘zbekiston–Yaponiya: strategik sheriklik chegaralari kengaymoqda
O‘zbekiston–Paragvay: qitʼalar va okeanlar orqali muloqot