Olmaota shahrida Qozog'iston va O'zbekiston parlamentlararo hamkorlik kengashining ikkinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi
Iyun 02, 2025. 15:41 • 2 daq
• 114
OLMAOTA, 2-iyun. /"Dunyo" AA/. Olmaota shahrida Qozog'iston Parlementi Majilisi raisi Yerlan Qoshanov va O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish bo'yicha kelishuvlarni amalga oshirishning borishini muhokama qildilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Kazinform" xalqaro axborot agentligi ma'lumotiga ko'ra, Majilis raisi so'nggi yillarda Qozog'iston va O'zbekiston o'rtasida qator oliy darajadagi o'zaro tashriflar amalga oshirilgani, Ittifoqchilik munosabatlari to'g'risidagi shartnoma va Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to'g'risidagi shartnoma, shuningdek, 2024-2034-yillarga mo'ljallangan Strategik sheriklik dasturi kabi tarixiy hujjatlar imzolanganini ta'kidladi.
O'z navbatida, O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov parlamentlararo muloqot mamlakatlar o'rtasidagi ishonchni mustahkamlashda muhim omil bo'lib, davlat rahbarlarining strategik kelishuvlarini amalga oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Kengashning ikkinchi yig'ilishining asosiy mavzusi iqtisodiyot, axborot texnologiyalari va sun'iy intellekt kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollari hamda madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi loyihalarga bag'ishlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va qishloq xo'jaligi sohalarida sheriklikni kengaytirish, madaniyat va ta'lim sohalarida hamkorlikning yuqori sur'atini saqlab qolish, ekologiya, energetika va suv resurslari masalalarini birgalikda hal etish bo'yicha ikki davlat rahbarlari o'rtasida kelishuvlarni amalga oshirishda muvaffaqiyatlar borligini ta'kidladilar.
Yig'ilishda 2030-yilgacha Qozog'iston va O'zbekiston o'rtasidagi o'zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish vazifasiga e'tibor qaratildi. Deputatlar ushbu maqsadga imkon qadar tezroq erishish uchun zarur bo'lgan qonunchilik choralarini muhokama qildilar.
Eslatib o'tamiz, Qozog'iston Parlamenti Majilisi va O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi o'rtasida Parlamentlararo hamkorlik kengashini tashkil etish to'g'risidagi qaror O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil dekabr oyida Ostona shahriga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida qabul qilingan edi. Uning birinchi yig'ilishi 2023-yil oktyabr oyida Toshkentda bo'lib o'tgan.
Kengash - ikki mamlakat davlat rahbarlari o'rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko'maklashish va qonunchilikni qo'llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan qo'shma ishchi organ hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘sh shahrida Alisher Navoiy haykali va uning nomi bilan atalgan shohko‘cha ochildi
ADPI pedagoglari Qirg‘iz–o‘zbek xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishdi