Markaziy Osiyo mamlakatlarida "Made in Central Asia" brendi ostida qo'shma ishlab chiqarish maydonlari tashkil etiladi
Noyabr 14, 2025. 12:03 • 3 daq
• 354
TOSHKENT, 14-noyabr /"Dunyo" AA/. Kecha Toshkentda O'zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlarining savdo va investitsiyalar vazirlari kengashining birinchi yig'ilishi tashkil qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

ISSV ma'lumotiga ko'ra, tadbirning maqsadi mintaqa davlatlari o'rtasida savdo, investitsiya va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda kooperatsion ishlab chiqarishlarni yaratishga qaratilgan qo'shma tashabbuslarni ilgari surishdan iborat bo'ldi. Ushbu yig'ilish mintaqaviy iqtisodiy muloqotni institutsional asosda rivojlantirish yo'lidagi muhim qadam bo'ldi.
Yig'ilishda O'zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Qozog'iston savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev, Tojikiston iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri Zavki Zavkizoda, Turkmanistonning savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Nazar Agahanov, Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri birinchi o'rinbosari Elnur Aliyev, Qirg'izistonning O'zbekistondagi elchisi Duyshonkul Chotonov ishtirok etdi.
Yig'ilish davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining savdo va investitsiya vazirlari o'zaro savdoni rivojlantirish va sanoat integratsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan kompleks choralarni muhokama qildilar. Tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish bo'yicha samarali mexanizmlarni yaratish, "Made in Central Asia" brendi ostida qo'shma ishlab chiqarish maydonlarini shakllantirish, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va yirik investorlarni infratuzilma hamda sanoat loyihalariga jalb etish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Ta'kidlanganidek, O'zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o'zaro savdosi barqaror sur'atlarda o'sib bormoqda. Agar 2017 yilda tovar ayirboshlash hajmi 3,2 mlrd dollarni tashkil etgan bo'lsa, 2024 yilga kelib bu ko'rsatkich ikki baravardan ko'proqqa oshib, 6,9 mlrd dollarga yetdi. Xususan, Qozog'iston bilan savdo hajmi 4 mlrd dollarga yaqinlashmoqda, Qirg'iziston bilan – 700 mln dollarga, Tojikiston bilan 570 mln dollardan oshgan, Turkmaniston bilan esa so'nggi besh yilda savdo ikki baravardan ko'proqqa oshib, 1,15 mlrd dollarga yetdi. Ozarbayjon bilan savdo aylanmasi esa yil boshidan buyon 13 foizga o'sgani qayd etildi.
Yig'ilish davomida bojxona va chegara tartib-taomillarini yanada optimallashtirish, transport-logistika infratuzilmasini uyg'unlashtirish, ishlab chiqarish zanjirlarini birlashtira oladigan sanoat xablarini yaratish zarurligi ta'kidlandi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, xomashyo va texnologik imkoniyatlarni birgalikda o'zlashtirish, yuqori qo'shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirish masalalari alohida muhokama qilindi.
Yig'ilish yakunida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, kooperatsiya va qo'shma ishlab chiqarishlarni rivojlantirish, shuningdek, investitsiyaviy o'zaro hamkorlikning yangi mexanizmlarini yaratishga oid asosiy kelishuvlarni o'z ichiga olgan qo'shma kommyunike imzolandi.
Tadbir konstruktiv va ishchan muhitda o'tdi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining sanoat va investitsiya sohalarida eng dinamik rivojlanayotgan hududlardan biri sifatida mintaqaning birgalikda ilgari siljishini qo'llab-quvvatlashga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
ADPI pedagoglari Qirg‘iz–o‘zbek xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishdi
Namanganda IV Xalqaro asal festivali bo'lib o'tdi