Logo

SMTIda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikka bag'ishlangan ilmiy-tadqiqot hisobotining taqdimoti bo'lib o'tdi

Noyabr 15, 2025. 15:13 • 3 daq

126
SMTIda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikka bag'ishlangan ilmiy-tadqiqot hisobotining taqdimoti bo'lib o'tdi

TOSHKENT, 15-noyabr. /"Dunyo" AA/. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi arafasida "Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari" mavzusidagi ilmiy-tadqiqot hisobotining taqdimoti bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI)da o'tkazilgan mazkur tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi diplomatik missiyalari rahbarlari va xodimlari, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markaz kabi xalqaro tashkilotlar vakillari, BMT va YXHTning O'zbekistondagi loyiha koordinatorlari ofislari, milliy tahliliy va akademik muassasalarning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.

Ushbu hisobot Markaziy Osiyo mamlakatlari ekspertlar hamjamiyatining birinchi qo'shma mahsuloti bo'ldi. U munozarali ilmiy tadqiqot shaklida tayyorlangan bo'lib, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini tahlil qilishga bag'ishlangan.

Unda o'tgan yetti yil davomida turli ekspertlik maydonlarida bo'lib o'tgan muhokamalar natijalari o'z ifodasini topgan. Ma'ruza loyihasi joriy yilning 14–15-avgust kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan 8-Markaziy Osiyo ekspertlar forumida ham muhokamaga qo'yildi.

Hujjat mintaqaviy hamkorlikning avvalgi tajribasini umumlashtirishga qaratilgan retrospektiv tahlilni, shuningdek, o'zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo'yicha takliflarni o'z ichiga oladi.

Taqdim etilgan ma'ruza tadbir ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi. O'zbekiston tomonining tashabbusi muhimligi va o'z vaqtida ilgari surilgani alohida ta'kidlandi.

Jumladan, Tojikiston elchisi Abdujabbor Rahmonzoda ta'kidlaganidek, hisobot chuqur tizimlashtirilgan tadqiqot bo'lib, Markaziy Osiyoda davlatlararo hamkorlik rivojlanishining tarixiy bosqichlarini tushunish uchun zarur bo'lgan keng faktologik materialni o'z ichiga oladi.

Diplomat ushbu hujjat mintaqaviy intellektual muhitni yana-da rivojlantirish uchun muhim asos bo'lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi. "Bunday salmoqli asar mintaqa davlatlarining barcha tillariga tarjima qilinishi va keng kitobxonlar ommasiga yetib boradigan kitobga aylanishi kerak," - deya xulosa qildi Abdujabbor Rahmonzoda.

O'z navbatida, Yevropa Ittifoqi elchisi Toyvo Klaar ham tayyorlangan hisobotning dolzarbligini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, mintaqaviy integratsiya hech qachon oson kechmagan, u sabr va vaqt talab qiladi. Yevropa Ittifoqi uchun bu 75 yil davom etdi, Markaziy Osiyo esa qisqa vaqt ichida hayratlanarli natijalarga erishdi. Shu nuqtayi nazardan, diplomat Bryussel Markaziy Osiyoda mintaqaviy yaqinlashuv jarayonlarini har tomonlama qo'llab-quvvatlashi va mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi.

Umuman olganda, ishtirokchilar hisobot Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha o'z qarashlarini yaratish uchun boshlang'ich nuqta bo'la oladigan ko'plab amaliy takliflarga ega keng qamrovli ish ekanligini e'tirof etdilar.

Shuningdek, Xalqaro suv resurslarini boshqarish institutining mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Barbara Yanush-Pavletta Markaziy Osiyoning yanada chuqur integratsiyaga o'tishi uchun ta'lim va fan sohasidagi hamkorlikka ko'proq e'tibor qaratishni taklif qildi. Bu, mutaxassisning fikricha, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish uchun poydevor bo'ladigan yangi avlodni tarbiyalash imkonini beradi.

Taqdimot yakunida ekspertlar mintaqaviy jarayonlar dinamikasini yana-da chuqurroq o'rganish va bu borada nashrlar tayyorlash bo'yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish