Logo

"Made in Uzbekistan" brendi ostidagi mahsulotlarning sifati Ashxobod shahrida bo'lib o'tgan xalqaro ko'rgazmada e'tirof etildi

May 03, 2025. 07:45 • 2 daq

232
"Made in Uzbekistan" brendi ostidagi mahsulotlarning sifati Ashxobod shahrida bo'lib o'tgan xalqaro ko'rgazmada e'tirof etildi

ASHXOBOD, 3-may. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 29-aprel – 1-may kunlari Ashxobod shahrida "Xalqaro savdo va xizmatlar" ko'rgazmasi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda 30 dan ortiq mamlakatdan 350 nafardan ziyod ishtirokchi, shu jumladan diplomatik korpus vakillari hamda mahalliy va xalqaro kompaniyalar ishtirok etdi.

O'zbekiston ushbu nufuzli tadbirda "Made in Uzbekistan" brendi ostida yurtimizda ishlab chiqarilayotgan sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarni namoyish etdi. Ashxoboddagi elchixonamiz ko'magida O'zbekiston Eksportchilar uyushmasi tomonidan mamlakatimiz eksportchi korxonalarning stendi tashkil etildi.

O'zbekiston stendiga Turkmaniston hukumati a'zolari, ko'plab mahalliy va xorijiy tadbirkorlar tashrif buyurdi. Ular yurtimiz mahsulotlariga katta qiziqish bildirib, mahsulotlar sifat va dizayn jihatdan yuqori darajada ekanini alohida qayd etishdi.

Ko'rgazma doirasida bir qator muhim uchrashuvlar ham o'tkazildi. Jumladan, O'zbekiston Eksportchilar uyushmasi va Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi rahbarlari o'zaro savdo hajmini oshirish, biznes-forumlar tashkil etish va hamkorlik shartnomalarini imzolash masalalarini muhokama qildi.

"Paxtamash" va "Turkmanpaxta" kompaniyalari o'rtasida paxta sanoati uskunalari yetkazib berish masalalari, "KCT" va "ALFA LINE" kompaniyalari bilan "Turkmenximiya" o'rtasida kimyoviy mahsulotlar savdosi bo'yicha hamkorlik istiqbollari ko'rib chiqildi.

O'zbekistonning ushbu ko'rgazmadagi faol ishtiroki milliy eksport salohiyatimizni yanada keng namoyon etishga hamda istiqbolli hamkorlik aloqalarini o'rnatishga xizmat qildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish