Davlat bayrog'i – mustaqillik, qadriyat va kelajakka ishonch ramzi
Noyabr 18, 2025. 11:48 • 2 daq
• 1350
TOSHKENT, 18-noyabr. /"Dunyo" AA/. Bugun mamlakatmizda mustaqillik va milliy g'urur ramzi – O'zbekiston Respublikasining davlat bayrog'i qabul qilingan kun keng nishonlanmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mustaqil davlatning ramzlari ko'p, biroq ularning hech biri millatni, xalqni davlat bayrog'i kabi jahon ahliga tanita olmaydi. Shu ma'noda davlat bayrog'i qabul qilingan kun – bu mamlakatimiz tarixi, ramzlari va qadriyatlariga hurmat kunidir. Xorijdagi vatandoshlar qayerda bo'lmasin, Vatan bilan aloqani uzmay, samimiy tabriklarini yo'llamoqda.
O'zbekiston Respublikasining davlat bayrog'i 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan bo'lib, bu sana nafaqat davlatchilik asoslarining mustahkamlanganini, balki asrlar osha davom etgan mustaqillik orzusining amalga oshganini anglatadi. Bu timsol avlodlar davomiyligi, milliy qadriyat va taraqqiyotga ishonchni ifodalaydi.
Yurtimiz bayrog'i xalqaro anjumanlarda, tashkilotlarda, madaniyat festivallari va sport musobaqalarida ko'tarilib, butun dunyoga mamlakatning o'ziga xosligi, yutuq va intilishlarini eslatib turadi. Har bir kishi uchun bayroq Vatan bilan bog'lovchi rishta bo'lib, qayerda yashamasin, ildizi va maskani bir bo'lgan insonlarni doim birlashtirib turadi.
Bugun davlatimiz bayrog'i tinch va osuda, ozod hamda erkin hayotimiz, yorqin kelajagimizga bo'lgan ishonchimiz timsoliga aylandi. Mana shu mustaqillik timsoli baland ko'tarilgan kun barchamizga muborak bo'lsin!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi