Yaponiyaning ommabop televideniyesida Orol dengizi muammosiga bag'ishlangan hujjatli film namoyish etildi
Mart 07, 2025. 14:34 • 3 daq
• 171
TOKIO, 7-mart. /"Dunyo" AA/. Yaponiyaning ommabop "Asahi TV" telekanalining "ANN News" dasturida Orol fojiasi, uning sabablari, oqibatlari hamda mintaqa ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarga bag'ishlangan hujjatli film namoyish etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston elchixonasi ko'magida suratga olingan mazkur film yapon jamoatchiligini Orol fojiasi to'g'risida xabardor qilish maqsadida amalga oshirildi.
2024-yil 28-oktyabr - 3-noyabr kunlari "Asahi TV" ijodkorlari Orol fojiasi va uni oldini olish bo'yicha O'zbekiston hukumati va xalqaro tashkilotlar tomonidan hayotga tadbiq etilayotgan loyihalar haqida hujjatli film suratga olish maqsadida O'zbekistonda bo'ldi.
Unda Orol dengizining bir vaqtlar jahondagi to'rtinchi yirik ko'l bo'lgani, u yerda rivojlangan baliqchilik va dengiz transporti salohiyati haqida ma'lumot berildi. Shuningdek, Orolbo'yi aholisining hayoti dengiz bilan chambarchas bog'liq bo'lgani ta'kidlangan.
"XX asrning ikkinchi yarmida sobiq ittifoq tomonidan cho'llarni o'zlashtirish va yangi qishloq xo'jaligi maydonlarini yaratish maqsadida daryolar oqimi o'zgartirilib, suv resurslaridan besamar foydalanishi natijasida Orol dengizi bugungi achinarli ahvolga kelib qoldi. Natijada suv maydoni keskin qisqarib, sho'rlanish va cho'llanish avj oldi. Tuzli qumlar shamol orqali keng hududlarga tarqalib, mahalliy ekotizimga va aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazmoqda", – deyiladi filmda.
Ijodkorlar Orol fojiasining iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlariga ham to'xtalib o'tgan. Mintaqada sho'rlanish va cho'llanish jarayoni kuchaygani, suvli ekotizimning yo'qolishi natijasida baliqchilik va qishloq xo'jaligi jiddiy zarur ko'rdi, shuningdek, Orolbo'yi aholisi boshqa hududlarga ko'chib ketishi kuzatildi.
Filmda O'zbekiston hukumati tomonidan Orol dengizi mintaqasida ekotizimni tiklash maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga ham alohida e'tibor qaratilgan. Jumladan, saksovul va sho'r-qurg'oqchilikka chidamli o'simliklar ekish loyihasi haqida ma'lumot berilib, bu tashabbus mintaqada cho'llanishning oldini olishga xizmat qilayotgani ta'kidlangan.
Shuningdek, O'zbekistonda tahsil olayotgan yapon talabasi Yuxara Yume va uning jamoasi tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbus – Orol dengizi hududida daraxt ekish loyihasi batafsil yoritilgan. "Loyihaning maqsadi – sho'rlangan yerlarni qayta tiklash va mintaqaviy ekotizimni saqlab qolishga hissa qo'shishdir. Agar bu tashabbus muvaffaqiyatli amalga oshsa, u kelajakda boshqa ekologik inqirozlarga yechim sifatida xizmat qilishi mumkin", – deya qayd etilgan.
Hujjatli film "Orol dengizi fojiasi global ekologik muammo, uni bartaraf etish uchun xalqaro hamkorlik va barqaror rivojlanish strategiyalari zarur. Mahalliy hukumat tashabbuslari va xalqaro hamkorlik orqali Orolbo'yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash mumkin", – degan so'zlar bilan yakunlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

BMT bosh qarorgohida O‘zbekiston raisligida o‘rmonlarni tiklash, suv xavfsizligi va iqlim barqarorligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi



