BMT bosh qarorgohida O‘zbekiston raisligida o‘rmonlarni tiklash, suv xavfsizligi va iqlim barqarorligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

May 15, 2026. 18:25 • 4 daq

34
BMT bosh qarorgohida O‘zbekiston raisligida o‘rmonlarni tiklash, suv xavfsizligi va iqlim barqarorligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
BMT bosh qarorgohida O‘zbekiston raisligida o‘rmonlarni tiklash, suv xavfsizligi va iqlim barqarorligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
BMT bosh qarorgohida O‘zbekiston raisligida o‘rmonlarni tiklash, suv xavfsizligi va iqlim barqarorligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi
BMT bosh qarorgohida O‘zbekiston raisligida o‘rmonlarni tiklash, suv xavfsizligi va iqlim barqarorligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

NYU-YORK, 15-may. /“Dunyo” AA/. BMT O‘rmonlar bo‘yicha forumida O‘zbekiston raisligida “O‘rmonlarni tiklash, suv xavfsizligi va iqlim o‘zgarishiga bardoshlilik uchun tabiatga asoslangan yechimlarni ilgari surish” mavzusidagi maxsus tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (TMXI), shuningdek, Fransiyaning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda forum raisi Ismail Belen, Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Abdulkadir Polat, TMXI O‘rmon va yaylovlar bo‘limining katta dastur muvofiqlashtiruvchisi Paula Prist, Shveysariya Atrof-muhit bo‘yicha federal idorasi katta maslahatchisi Pyer-Andre Korde, Kanada O‘rmon xizmati direktorining o‘rinbosari Megan Masters, Isroilning “Keren Kayemeth LeIsrael” jamg‘armasi xalqaro aloqalar va xalqaro tashkilotlar bo‘yicha direktori Karin Bolton va ushbu jamg‘armaning O‘rmon departamenti rahbari Gilad Ostrovskiy, 40 dan ortiq davlat diplomatlari hamda ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan davlatimiz rahbarining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhitdinov hamda Markaziy Osiyo cho‘llanishga qarshi kurashish ilmiy markazi direktori Shahriyor Nurulloyev o‘rin oldi.

Tadbirni ochar ekan, O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “O‘rmonlarni barqaror boshqarish asosida o‘rmonlarni ko‘paytirish va qayta tiklash bo‘yicha harakatlar dekadasi” rezolyutsiyasini qabul qilinganini inobatga olib, muhokama qilinayotgan kun tartibi dolzarb ekanini alohida taʼkidladi. U O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan tashabbus o‘rmonlarni qayta tiklash va o‘rmon resurslarini barqaror boshqarish borasidagi global kun tartibini ilgari surishda muhim qadam bo‘lishini qayd etdi.

O‘zbekiston Prezidentining maslahatchisi Aziz Abduhakimov o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021-yilda ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy tashabbusining amalga oshirilishi haqida maʼlumot berdi. U mamlakatda hududlarni ko‘kalamzorlashtirish chora-tadbirlari izchil kuchaytirilayotgani, shuningdek, iqlim o‘zgarishi va cho‘llanish jarayonlariga qarshi kurashishning ilmiy-tahliliy mexanizmlari joriy etilayotganini taʼkidladi.

Nutq davomida Cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha Markaziy Osiyo ilmiy markazini tashkil etish, shuningdek, barqaror rivojlanish tamoyillariga yo‘naltirilgan “yashil” kollej va universitetlar tarmog‘ini rivojlantirish muhimligi qayd etildi. Xususan, 2026–2027-yillarda malakali o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash uchun 14 ta ixtisoslashtirilgan “yashil” texnik kollejni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, o‘rmonlarni qayta tiklash, suv xavfsizligi va iqlim barqarorligini oshirish sohalarida bir qator tashabbuslarni, jumladan, 2027–2036-yillarni BMTning O‘rmonlar ekish va tiklash o‘n yilligi deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani amalga oshirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi taqdimotini o‘tkazdi.

Tadbir ishtirokchilari xalqaro hamkorlik, ilg‘or tajriba almashish hamda global iqlim o‘zgarishlari sharoitida o‘rmon ekotizimlarini tiklash bo‘yicha birgalikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.

BMTning O‘rmonlar bo‘yicha forumi raisi Ismail Belen O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan “Yashil makon” ko‘kalamzorlashtirish dasturini alohida eʼtirof etdi.

“Men O‘zbekistonda bir necha bor bo‘lganman, jumladan, Orol dengizining qurigan tubini borib ko‘rganman va u yerda yuz berayotgan keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlarga shaxsan guvoh bo‘ldim”, – dedi u. Shuningdek, ushbu tashabbus yaqin kelajakda mamlakatdagi o‘rmonlar maydonini 10 foizdan 15 foizga, 2030-yilga borib esa 30 foizga yetkazishni nazarda tutishini taʼkidladi.

Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Abdulkadir Polat O‘zbekistonning ko‘kalamzorlashtirish va o‘rmon ekotizimlarini qayta tiklash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholab, bioxilma-xillikni saqlash hamda o‘rmonlarni tiklash sohasida hamkorlikni yana-da kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Ruminiyaning “Meridian” kasaba uyushmalari milliy konfederatsiyasi bosh kotibi Dumitru Fornya O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda keng ko‘lamli ekologik tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha yetakchilardan biri sifatida tavsifladi.

“Agarda inson manfaatlari va atrof-muhit muhofazasiga yo‘naltirilgan islohotlar hamda investitsiyalarning hozirgi surʼati saqlanib qolsa, O‘zbekiston “yashil” Markaziy Osiyo yetakchisiga aylanishga qodir”, – deya qayd etdi Ruminiya vakili.

Isroil vakili Gilad Ostrovskiy O‘zbekiston xalqaro tashabbuslarni amaliy mazmun bilan to‘ldirayotgan davlat sifatida namuna bo‘layotganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat tajribasi bu kabi tashabbuslarning samaradorligi bevosita ularni tayyorlash sifatiga va izchil amalga oshirilishiga bog‘liqligini yaqqol tasdiqlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish