O‘zbekiston delegatsiyasi BMT forumida global ekologik tashabbuslarni ilgari surmoqda

May 13, 2026. 15:25 • 3 daq

102
O‘zbekiston delegatsiyasi BMT forumida global ekologik tashabbuslarni ilgari surmoqda
O‘zbekiston delegatsiyasi BMT forumida global ekologik tashabbuslarni ilgari surmoqda
O‘zbekiston delegatsiyasi BMT forumida global ekologik tashabbuslarni ilgari surmoqda
O‘zbekiston delegatsiyasi BMT forumida global ekologik tashabbuslarni ilgari surmoqda
O‘zbekiston delegatsiyasi BMT forumida global ekologik tashabbuslarni ilgari surmoqda
O‘zbekiston delegatsiyasi BMT forumida global ekologik tashabbuslarni ilgari surmoqda

NYU-YORK, 13-may /“Dunyo” AA/. AQSHdagi BMT shtab-kvartirasida tashkilotning O‘rmonlar bo‘yicha forumi 21-sessiyasi boshlandi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu forum BMTning Iqtisodiy-ijtimoiy kengashi (ECOSOC) homiyligida o‘tkazilmoqda. Unda dunyoning 180 dan ortiq davlatlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar hamda fuqarolik jamiyati ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchilik qilmoqda.

Forumda 2017–2030-yillarga mo‘ljallangan BMTning O‘rmonlar bo‘yicha strategik rejasi ijrosi, o‘rmonlarni muhofaza qilish, yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish va barqaror o‘rmon xo‘jaligini moliyalashtirish masalalari muhokama qilinmoqda. 2027–2036-yillarga mo‘ljallangan O‘rmon barpo etish va tiklash harakatlari o‘n yilligiga tayyorgarlik ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2027–2036-yillarni “O‘rmon barpo etish va tiklash harakatlari o‘n yilligi” deb eʼlon qilish to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi.

Ushbu dastur doirasida global yo‘l xaritasini ishlab chiqish, “Mintaqaviy yashil qalqon” tashabbusini ilgari surish, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar ekish hamda chang va qum bo‘ronlari haqida erta ogohlantirish tizimlarini yaratish rejalashtirilgan.

Xalqaro tadbirda O‘zbekiston tomoni mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘rmon barpo etish ishlari, yerlar degradatsiyasining oldini olish va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.

Shu bilan birga, Orol dengizining qurishi natijasida Orolqum sahrosi paydo bo‘lgani ekologik inqirozning eng og‘ir misollaridan biri sifatida qayd etildi.

Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy dasturi haqida ham maʼlumot berildi. Qayd etilishicha, so‘nggi besh yilda mamlakat bo‘ylab bir milliarddan ortiq daraxt va butalar ekilgan. Natijada, ko‘kalamzorlashtirish darajasi 8 foizdan 14 foizga oshgan. 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 30 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston yaqin kelajakda o‘rmon barpo etish va o‘rmonlarni tiklash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro vazirlar konferensiyasini o‘tkazishga tayyor ekanini ham maʼlum qildi.

Forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Global ekologik jamg‘arma bosh direktori Klod Gaskon, BMT O‘rmonlar forumi kotibiyati direktori Jyulyett Biao Kudenukpo, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, tashkilotning Taraqqiyot dasturi (UNDP) maʼmuriyati o‘rinbosari Xaolyan Shu hamda BMT Bosh kotibining iqlim bo‘yicha maxsus vakili Selvin Xart bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlarda o‘rmonlarni tiklash, ekologik loyihalarni moliyalashtirish va O‘rmon barpo etish harakatlari o‘n yilligini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish