Logo

O'zbekiston elchilari Buxoro viloyatining savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyati bilan tanishdi

May 06, 2025. 11:54 • 1 daq

138
O'zbekiston elchilari Buxoro viloyatining savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyati bilan tanishdi

BUXORO, 6-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Isroildagi elchisi Jahongir Aminov, Hindistondagi elchisi Sardor Rustambayev, Qatardagi elchisi Ashraf Xodjayev, Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov va Kuvaytdagi elchisi Ayubxon Yunusov kecha ishchi tashrifi bilan Buxoro viloyatiga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Elchilar dastlab viloyatning shahar va tumanlarida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar natijalari bilan tanishishdi. Ularga viloyat hokimining o'rinbosari – investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi boshlig'i Rizo Asadov hamrohlik qildi.

Viloyat hokimi Botir Zaripov bilan kechgan muloqot chog'ida Buxoro viloyatida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, investitsiyalarni jalb qilish, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Buxoroning investitsion salohiyati, xorijiy davlatlar investorlarini jalb qilgan holda amalga oshirish imkoniyati mavjud soha va tarmoqlar, loyihalar ko'rib chiqildi.

Qishloq xo'jaligi, turizm, farmatsevtika, tibbiyot va ta'lim yo'nalishlarida xorijiy ilg'or kompaniyalar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish hamda qo'shma loyihalarni amalga oshirish, o'zaro tashriflar va biznes forumlarni muntazam tashkil etish muhimligi ta'kidlandi.

Buxoro viloyatining investitsion salohiyati to'g'risidagi ma'lumotlarni elchixonalar ko'magida chet davlatlardagi tadbirkorlar o'rtasida keng targ'ib qilish, viloyatda yetishtirilayotgan qishloq xo'jaligi va ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari eksportini yo'lga qo'yish bo'yicha amaliy yordam ko'rsatish yuzasidan kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish