Logo

O'zbekistonning Hindiston, Qatar, Belarus, Isroil va Kuvaytdagi elchilari Qashqadaryo viloyati mutasaddilari va tadbirkorlari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

May 06, 2025. 10:01 • 2 daq

109
O'zbekistonning Hindiston, Qatar, Belarus, Isroil va Kuvaytdagi elchilari Qashqadaryo viloyati mutasaddilari va tadbirkorlari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

QARSHI, 6-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Isroil, Hindiston, Qatar, Belarus va Kuvaytdagi elchilari Jahongir Aminov, Sardor Rustambayev, Ashraf Xodjayev, Rahmatullo Nazarov va Ayubxon Yunusov ishchi tashrif bilan Qashqadaryo viloyatida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida Qashqadaryo viloyatining savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik salohiyati o'rganildi, viloyat mutasaddilari bilan hududga xorijiy investorlarni taklif qilish, istiqbolli yo'nalishlardagi qo'shma loyihalarga xorijdan sheriklarni jalb etish kabi masalalar muhokama qilindi.

O'zbekiston diplomatlari Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov bilan uchrashdilar. Viloyat rahbari xorijiy davlatlar, bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish uchun mavjud imkoniyatlar, infratuzilma va logistika sharoitlari haqida batafsil ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida Belarus bilan oyoq kiyimlar, sharbatlar, tayyor kiyim-kechak, sut mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Hindiston bilan farmatsevtika, nanotexnologiyalar va elita urug'chilik bo'yicha hamkorlik kengayyapti. Kuvayt kompaniyalari bilan neft-kimyo sohasida umumiy qiymati 850 million dollarlik ishlab chiqarish loyihalari ko'zda tutilgan.

Isroil bilan farmatsevtika, IT va "aqlli" qishloq xo'jaligi, Qatar bilan esa baliqchilik, sahro turizmi va chorvachilik yo'nalishlarida hamkorlik rejalashtirilgan.

Tomonlar Qashqadaryo viloyati va xorijiy mamlakatlar o'rtasida investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy munosabatlar, ta'lim, turizm va qishloq xo'jaligi sohalaridagi istiqbolli dasturlarni amalga oshirish istiqbollari xususida fikr almashdilar.

Safar davomida O'zbekiston diplomatik missiyalari rahbarlari voha tadbirkorlari bilan ham muloqot qildilar. Unda Qashqadaryoda ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlarni chet davlatlarga eksport hajmini yana oshirish, yangi bozorlar topish va savdo uylarini tashkil etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Qashqadaryolik tadbirkorlar o'z mahsulotlari va xizmatlari to'g'rida batafsil taqdimot o'tkazishdi. Uchrashuv yakunida, milliy mahsulotlarni xorijiy bozorlarga eksportini ko'paytirishda hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish