Hindistonlik tadbirkorlar "Urgut" erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan tanishdi
Aprel 10, 2025. 07:12 • 2 daq
• 90
DEHLI, 10-aprel. /"Dunyo" AA/. Hindistonlik ishbilarmon va tadbirkorlar delegatsiyasi Samarqand viloyatidagi "Urgut" erkin iqtisodiy zonasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Delegatsiya a'zolari "Urgut" EIZ hududida gilam mahsulotlari, uy-ro'zg'or buyumlari, shaxsiy gigiyena vositalari va boshqa mahsulotlar tayyorlashga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Erkin iqtisodiy zonada eksportbop va xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonini qo'llab-quvvatlash, zamonaviy va qulay infratuzilma shakllantirish, xorijiy sarmoyadorlarga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar haqidagi batafsil ma'lumot mehmonlarda katta qiziqish uyg'otdi.
O'zbekiston va Hindiston biznes doiralari vakillari istiqboldagi hamkorlik yo'nalishlari, birgalikda hayotga tadbiq etiladigan loyihalar yuzasidan qizg'in fikr almashdi.
"Urgut" EIZ O'zbekiston Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi farmoniga asosan tashkil etilgan. Uning umumiy yer maydoni qariyb 1700 gektarni tashkil qiladi. Bu yerda kimyo, oziq-ovqat, charm-poyabzal, elektrotexnika sanoati va boshqa sohalarda 70 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Ushbu ishlab chiqarish maydonchalarida tayyorlanayotgan mahsulotlar ichki bozor hamda Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrika qit'alarida joylashgan qator mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi va Hindistonning G'arbiy Bengaliya shtati Ishbilarmonlar kengashi hamkorligida tashkil etilgan biznes-tur davom etmoqda. Hindistonlik tadbirkorlar safar davomida Toshkent viloyatidagi farmatsevtika klasterida ham bo'lib, hamkorlik istiqbollarini belgilab oladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi