Logo

Italiya kompaniyasi O'zbekiston tomoni bilan energetika loyihalarida hamkorlik qiladi

Fevral 09, 2024. 08:10 • 52 soniya

377
Italiya kompaniyasi O'zbekiston tomoni bilan energetika loyihalarida hamkorlik qiladi

RIM, 9-fevral. /«Dunyo» AA/. O'zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning yirik elektr tarmoqlari operatori – «ENEL» kompaniyasi vakillari bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.



«ENEL» mutaxassislariga O'zbekistonning so'nggi yillardagi «yashil» energetikaga o'tish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish borasidagi yutuqlari hamda mamlakatimiz oldida turgan elektr taqsimlash infratuzilmasini modernizatsiya qilish vazifalari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Italiya tomoni, xususan «ENEL»ning ixtisoslashgan «Gridspertise» sho'ba korxonasi rahbari Robert Denda ushbu jarayonlarda raqamlashtirish uskunalarini o'rnatish va tegishli boshqaruv texnologiyalarini qo'llash juda katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o'tdi.

Bo'lib o'tgan muzokaralar natijasida Italiya kompaniyalarining O'zbekistondagi energetika loyihalarida faol qatnashishi uchun amaliy chora-tadbirlar ko'rishga kelishib olindi.

1962-yilda tashkil etilgan «ENEL» kompaniyasi dunyodagi elektr energiyasi va gazni taqsimlash tarmoqlarida boshqaruvchi hamda xizmat ko'rsatuvchi eng yirik kompaniyalar o'ntaligiga kiradi. U dunyoning 30 ta mamlakatida faoliyat yuritadi. Korxonaning yillik aylanmasi 8,6 milliard yevroga teng. Bugungi kunda kompaniya o'zining 59 GVt quvvatli qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish inshootlari bo'yicha dunyoda birinchi o'rinni egallaydi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish