Kattaqo'rg'on shahrida O'zbekiston-Hindiston biznes-forumi bo'lib o'tdi
Aprel 08, 2025. 18:21 • 2 daq
• 58
DEHLI, 8-aprel. /"Dunyo" AA/. Hindiston ishbilarmonlari va tadbirkorlaridan iborat delegatsiyaning O'zbekistonga biznes safari davom etmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Delegatsiya tarkibidan charm-poyabzal, kimyo, farmatsevtika, zargarlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari, ta'lim va boshqa soha vakillari o'rin olgan.
Mamlakatimiz elchixonasi va Hindistonning G'arbiy Bengaliya shtati Ishbilarmonlar kengashi hamkorligida tashkil etilgan mazkur safar dasturiga binoan, bugun Samarqand viloyatining Kattaqo'rg'on shahrida O'zbekiston-Hindiston biznes-forumi o'tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizda, jumladan, Kattaqo'rg'on shahrida samarali tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun yaratilgan qulay muhit, xorijiy sarmoyadorlarga taqdim etilayotgan imtiyozlar va preferensiyalar tizimi, mahalliy sanoat va ishlab chiqarish korxonalarining salohiyati haqida so'zlab berildi.
Hindistonlik tadbirkorlar turli yo'nalishlarda amalga oshirilishi mumkin bo'lgan qo'shma loyihalar haqida o'zlarining amaliy takliflarini taqdim qildi. Xususan, plastik mahsulotlar ishlab chiqarish, zargarlik, farmatsevtika, qurilish va boshqa sohalarda qo'shma loyihalar amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi o'rtasida erishilgan maxsus imtiyozlar tizimi (GPS+) imkoniyatlaridan birgalikda samarali foydalanish istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi.
Forum doirasida Kattaqo'rg'on shahar hokimligi va G'arbiy Bengaliya shtati Ishbilarmonlar kengashi hamda "Turon Polietilen Gold" (O'zbekiston) va "Mrinmoyee" (Hindiston) kompaniyalari o'rtasida ahdlashuv memorandumlari imzolandi.
Hindiston delegatsiyasi a'zolari safar davomida Samarqand viloyati tumanlaridagi sanoat korxonalari faoliyati, jumladan, "Urgut" erkin iqtisodiy zonasida yaratilgan qulay shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishadi. Shuningdek, Toshkent viloyatida faoliyati yo'lga qo'yilgan farmatsevtika klasterida bo'lib, hamkorlik istiqbollarini belgilab oladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi