Logo

Polshada O'zbekiston farmatsevtika bozoridagi o'zgarishlarga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi

Sentabr 19, 2025. 16:48 • 2 daq

40
Polshada O'zbekiston farmatsevtika bozoridagi o'zgarishlarga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi

VARSHAVA, 19-sentabr. /"Dunyo" AA/. Polsha Iqtisodiy rivojlanish va texnologiyalar vazirligida O'zbekiston farmatsevtika bozorida qabul qilingan yangi tartiblar bilan tanishish hamda ushbu sohada savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish masalalariga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Polsha Iqtisodiy rivojlanish va texnologiyalar vazirligi Davlat kotibi, Iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Polsha hukumatlararo komissiyasining hamraisi Mixal Yaros, Polsha Dori vositalari, tibbiy uskunalar va biotsidlarni ro'yxatga olish idorasi prezidenti Gjegoj Chesak, Polsha Investitsiyalar va savdo agentligi (PAIH) prezidenti Anjey Dixa va boshqa idoralar hamda yetakchi polyak farmatsevtika kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

O'zbekiston–Polsha hukumatlararo komissiyasining hamraisi Mixal Yaros O'zbekiston Prezidentining "Dori vositalari va tibbiy jihozlar muomalasini tartibga solishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi Farmoni qabul qilingani va unga muvofiq 2025-yil 1-oktabrdan boshlab Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ro'yxatiga kiritilgan tartibga soluvchi organlar, shu jumladan Polsha regulyatori, tomonidan ro'yxatdan o'tkazilgan dori vositalari O'zbekistonda tan olish orqali davlat ro'yxatidan o'tkazilishini olqishladi.

U 2025-yil fevral oyida Toshkent shahrida o'tkazilgan Qo'shma komissiyaning 8-yig'ilishi va biznes-forum yakunlarida erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida Polsha kompaniyalari muammolari hal etilgani hamda farmatsevtika sohasida savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilgani uchun o'zbek tomoniga alohida minnatdorchilik bildirdi.

"Polsha farmatsevtika kompaniyalarining O'zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirish vaqti keldi. O'zbekiston Markaziy Osiyoda iqtisodiyoti jadal ravishda rivojlanmoqda va "xab" vazifasini bajarmoqda. Barcha kompaniyalarni do'st O'zbekistonga investitsiya kiritishga chorlayman", dedi u.

Polsha Dori vositalari, tibbiy uskunalar va biotsidlarni ro'yxatga olish idorasi prezidenti Gjegoj Chesak o'z navbatida, 2024-yil avgustda O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi delegatsiyaning Polsha va o'zi boshchiligidagi delegatsiyaning O'zbekistonga javob tashrifi yakunlarini yuqori baholadi.

"O'tgan yili Varshavada imzolangan O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Polsha Dori vositalari, tibbiy uskunalar va biotsidlarni ro'yxatga olish idorasi o'rtasidagi anglashuv memorandumi o'zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Polsha axborot va tajriba almashish, qo'shma tadbirlar, loyihalar, o'quv dasturlari va stajirovkalarni tashkil etish orqali farmatsevtika sohasini tartibga solish milliy tizimini takomillashtirish bo'yicha o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor", dedi u.

O'zbekiston elchixonasi diplomatlari tomonidan o'tkazilgan taqdimotda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, O'zbekiston-Polsha hamkorligi holati va istiqbollari hamda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.

Tadbir ishtirokchilari shu yilning 21-22-sentabr kunlari Xivada bo'lib o'tadigan Xalqaro investitsiya forumi hamda 25-26 sentyabr kunlari Toshkent viloyatida bo'lib o'tadigan "Toshkent-Mazoviya" biznes-forumida qatnashishga yuqori qiziqish bildirdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish