Hindistonda O'zbekistonning investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyati taqdim etildi
Iyun 30, 2025. 11:56 • 2 daq
• 85
DEHLI, 30-iyun. /"Dunyo" AA/. Hindiston poytaxtida bo'lib o'tgan xalqaro biznes-konferensiyada O'zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimiz investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy salohiyati taqdim etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Hindiston Global savdo va texnologiya kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mamlakatning yetakchi kichik va o'rta biznes kompaniyalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Elchi Sardor Rustamboyev O'zbekistonda so'nggi yillarda hayotga tatbiq etilayotgan keng ko'lamli islohotlar natijalari, iqtisodiyotning turli yo'nalishlarida xorijiy davlatlar ishbilarmon doiralari vakillari bilan amalga oshirilayotgan qo'shma loyihalar, ularning investitsiyaviy faoliyati uchun yaratilgan jozibador muhit, Hindiston kompaniyalarining mamlakatimizdagi muvaffaqiyatli tajribasi haqida so'zlab berdi.
Farmatsevtika, to'qimachilik, ipak, charm sanoati, axborot texnologiyalari, sog'liqni saqlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, ta'lim, turizm va boshqa sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlik uchun mavjud bo'lgan salmoqli salohiyatga alohida e'tibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiy sheriklikning hali to'liq foydalanilmayotgan imkoniyatlari, xususan, O'zbekistonda yetishtiriladigan ekologik toza va shirin meva-sabzavotlar va quruq mevalarning Hindiston bozoriga eksporti hajmini oshirish imkoniyatlari urg'ulandi.
Global savdo va texnologiya kengashi raisi Rashmi Saluja O'zbekiston-Hindiston savdo-iqtisodiy munosabatlarining istiqbollariga to'xtalib, hindistonlik tadbirkorlarni mamlakatimiz bilan faol hamkorlikka chaqirdi. U, shuningdek, O'zbekiston hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonining yuqori ahamiyatini qayd etib, xalqaro maydonda Yangi O'zbekiston degan tushuncha shakllangani, respublika mutlaqo yangicha qiyofa kasb etayotgani, bu o'zgarishlar yirik shaharlardan tortib hududlardagi kichik-kichik aholi punktlarida ham o'z ifodasini topayotganini e'tirof etdi.
Hindiston delegatsiyasining IV Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi faol ishtiroki va erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar mazmun-mohiyati haqida fikr yuritildi.
Biznes-konferensiya doirasida Hindiston kompaniyalari vakillari bilan O'zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalar jalb qilish va mamlakatimizda tayyorlanayotgan mahsulotlarining eksport hajmini ko'paytirish yuzasidan muzokaralar o'tkazildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida hamkorlik kengaytiriladi