Xitoyning Szyansu provinsiyasi vakillari O'zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati bilan tanishdi
Aprel 22, 2025. 17:13 • 2 daq
• 88
YANCHJOU, 22-aprel. /"Dunyo" AA/. Yurtimiz Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Szyansu provinsiyasining Yanchjou shahrida O'zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari va savdo-iqtisodiy salohiyati taqdimotiga bag'ishlangan iqtisodiy tadbir o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Yanchjou shahar xalq vakillari kengashi Doimiy qo'mitasi, Yanchjou hukumati Tashqi ishlar kanselyariyasi, Tijorat va tashqi savdo, shuningdek, investitsiyalarni ilgari surish departamentlari rahbarlari va yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Kengash vakili mintaqada og'ir sanoat, "yashil" texnologiyalar, energiyani saqlash va yangi materiallar ishlab chiqarish sohalari jadal sur'atlar bilan rivojlanayotganini ta'kidladi.
Xitoy kompaniyalarining o'zbekistonlik sheriklar bilan aloqalarni o'rnatishga qiziqishi ortib borayotgani, shuningdek, mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, qishloq xo'jaligi va suvni tejash sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish muhimligi urg'ulandi.
Ishtirokchilarga O'zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, maxsus iqtisodiy zonalarda yaratilgan imkoniyatlar, eksportni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash choralari va boshlar to'g'risida so'zlab berildi.
O'zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan Xitoyning "YAPP Group" kompaniyasi vakillari o'z tajribalari haqida gapirib berdilar. Korxona vakillari mamlakatimiz bozorining yuksak salohiyati va qulay investitsiya muhitini yuqori baholadilar.
Xitoy tomoniga O'zbekistonning turli hududlarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha investitsiya takliflari ilgari surildi. Shuningdek, ishtirokchilarga joriy aprel oyida Jizzaxda va may oyida Nukus shahrida bo'lib o'tadigan xalqaro biznes-forumlarda faol qatnashish taklifi bildirildi.
Bundan tashqari, joriy yilning ikkinchi yarmida qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha muzokaralar o'tkazish uchun Szyansu provinsiyasi rasmiylari va yetakchi kompaniyalarning vakillaridan iborat delegatsiyaning O'zbekistonga biznes missiyasini tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi