Logo

Islomobod shahrida O'zbekiston-Pokiston biznes-forumi o'tkazildi

May 29, 2025. 10:53 • 3 daq

85
Islomobod shahrida O'zbekiston-Pokiston biznes-forumi o'tkazildi

ISLOMOBOD, 29-may. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Islomobod shahrida O'zbekiston-Pokiston biznes-forumi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Forumda Pokiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi prezidenti Atif Ikram Shayx va Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi rahbari Usman Shavkat, shuningdek, farmatsevtika, qurilish materiallari, teri va junni qayta ishlash, to'qimachilik va oziq-ovqat sanoati sohalarida faoliyat yuritayotgan pokistonlik yetakchi ishbilarmon doira vakillari va nufuzli tadbirkorlar ishtirok etdi.

Tadbirni O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev kirish nutqi bilan ochib berdi. Diplomat ikki davlat o'rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, mamlakatlar o'rtasidagi hamkorlikning ahamiyati haqida so'zladi. U O'zbekiston va Pokiston xalqlari o'rtasidagi chuqur tarixiy, madaniy va ma'naviy aloqalarning strategik sheriklikni mustahkamlashdagi o'rniga urg'u berdi.

Elchi O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar va mamlakatimizning xalqaro hamkorlikka ochiqligiga alohida e'tibor qaratdi. Shuningdek, pokistonlik tadbirkorlarni O'zbekistonning yangi sohalaridagi imkoniyatlarni o'rganishga chaqirdi.

 Yurtimiz rasmiy vakili ta'kidlaganidek, O'zbekiston Pokistonni strategik hamkor – Janubiy Osiyoga darvoza, deb biladi. "O'zbekiston Pokistonning yaqin hamkori. Biroq, hozirgi 400 million dollarlik savdo aylanmasi bizning salohiyatimizni to'liq aks ettirmaydi. Biz bu ko'rsatkichni besh barobar oshirishimiz mumkin", – dedi diplomat.

Ma'ruzada, shuningdek, ikki mamlakat o'rtasida hamkorlik uchun ustuvor bo'lgan bir qator sohalarga to'xtalib, qishloq xo'jaligi va agrosanoat, to'qimachilik va terini qayta ishlash sanoati, energetika, xususan, qayta tiklanuvchi energiya, farmatsevtika, turizm, logistika va transport infratuzilmasi, omborxonalar, ta'minot zanjirlari va mintaqaviy bog'liqlik tarmoqlarini istiqbolli hamkorlik yo'nalishlari sifatida qayd etildi.

 "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi bugungi kunda haftasiga ikki marta "Toshkent-Lahor" yo'nalishida parvozlarni amalga oshirilayotgani, 14 iyundan boshlab "Toshkent-Islomobod" yo'nalishida ham aviaqatnovlar boshlanishi ma'lum qilindi. Shu bois Pokiston aviakompaniyalariga ham O'zbekistonga yangi reyslarni yo'lga qo'yish taklifi bildirildi.

Pokiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi prezidenti Atif Ikram Shayx o'z chiqishida, Pokistonda O'zbekiston bilan savdo munosabatlarini yana-da chuqurlashtirishga ulkan qiziqish mavjudligini ta'kidladi.

– Ikki davlat o'rtasidagi savdo-investitsiya imkoniyatlari hali to'liq ishga solinmagan, – dedi u. – Markaziy Osiyo bilan sanoat va savdo hamkorligini kengaytirish zarur. Ikki mamlakat biznes vakillari o'rtasida amaliy aloqalarni kuchaytirish va savdo hajmini sezilarli darajada oshirish uchun aniq qadamlar kerak.

Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi rahbari Usman Shavkat o'z nutqida O'zbekiston va Pokiston o'rtasida iqtisodiy munosabatlarni yana-da rivojlantirish zarurligini bildirish barobarida, Markaziy Osiyodagi ulkan salohiyatdan samarali foydalanish, ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va tadbirkorlar o'rtasida yaqin hamkorlikni ta'minlash muhimligiga e'tibor qaratdi. 

– Pokiston va O'zbekiston tadbirkorlari o'rtasida doimiy muloqot va tajriba almashish uchun aniq mexanizmlar yaratish zarur. Shu maqsadda, joriy yilning iyun-iyul oylarida O'zbekistonning turli hududlariga palatamiz biznes-delegatsiyasining tashrifini rejalashtiryapmiz, – dedi Usman Shavkat.

Forum doirasida O'zbekistonning savdo-iqtisodiy salohiyati, rivojlanayotgan sanoati, liberallashtirilayotgan biznes muhiti, iqtisodiy islohotlar va erkin iqtisodiy zonalarda xorijiy investorlar uchun yaratilgan katta imkoniyatlar hamda imtiyozlarga doir maxsus taqdimot o'tkazildi.

Unda Qoraqalpog'istondagi "Nukus", Buxorodagi "Alabuga", Xorazmdagi "Hazorasp" erkin industrial zonalarida xorijiy investorlar uchun berilayotgan qulayliklar, farmatsevtika, teri va junni qayta ishlash, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat sanoati, to'qimachilik, qurilish materiallari sohalarida mavjud imkoniyatlar va istiqbolli loyihalar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

Forum interaktiv savol-javob sessiyasi bilan yakunlandi. Ishtirokchilarning bozorga kirish, bojxona tartiblari, investitsiya kafolatlari, moliyalashtirish imkoniyatlari, logistika, huquqiy baza, biznes regulyatorlar va sohalar bo'yicha hamkorlik masalalariga oid savollariga batafsil javob qaytarildi.

Yig'ilganlar forumni o'z vaqtidagi o'tkazilgan amaliy tashabbus sifatida baholab, strategik ahamiyatga ega tarmoqlarda eksport va importni kengaytirish hamda qo'shma loyihalarni o'rganish bo'yicha aniq takliflarni o'rtaga tashladi.

– Bu forum shunchaqi nutqlar bilan yakunlanmasligi kerak. U yangi safarni, o'zaro tashriflarni, manfaatli qo'shma loyihalarni boshlab berishi zarur. Biz do'st, birodar, hamkor sifatida sizlarga har bir qadamda yordam berishga tayyormiz. Keling, bugungi tadbirimiz hamkorligimiz tarixida yangi bosqichni boshlab bersin, – dedi O'zbekiston elchisi tadbirning yakuniy qismidagi nutqida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish