Frankfurt-Maynda O'zbekiston fuqarolarini Germaniya kompaniyasiga ishga jalb etish bo'yicha istiqboldagi rejalar muhokama qilindi
Noyabr 27, 2023. 16:08 • 2 daq
• 253
FRANKFURT-MAYN, 28-noyabr. /«Dunyo» AA/. O'zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulligida «Europ-Park» kompaniyasi xalqaro rekruting departamenti rahbari Kevin Stoimenov va «Consulting.uz» konsalting firmasi direktori Orifjon Ahmadaliyev o'rtasida muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Muloqot chog'ida amalga oshirilgan ishlar yakunlari sarhisob qilinib, 2024-yilga mo'ljallangan qo'shma tadbirlar rejasi muhokama qilindi. «Europ-Park» vakili kompaniya rahbariyati nomidan o'zbek tomoni bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
- 2023-yilda kompaniya 50 dan ortiq O'zbekiston fuqarolari bilan qo'shimcha mehnat shartnomasini tuzdi, - dedi Kevin Stoimenov. - Ular mehnat sharoitlari bilan bir qatorda tegishli uy-joy bilan ta’minlandi. O'zbekistonlik yoshlarning salmoqli qismi Germaniyaning «Ausbildung» dasturi bo'yicha kasb-hunar o'rgandilar.
«Consulting.uz» konsalting firmasi «Eurorarark» kompaniyasi bilan birgalikda O'zbekistonda «DaF Srrashzentrum» MCHJ nomi ostida nemis tilini o'rgatish bo'yicha 7 ta o'quv markazlarini ochdi. Bugungi kunda ushbu markazlar Namangan, Farg'ona, Toshkent, Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlarida faoliyat yuritmoqda va ularda 450 nafarga yaqin talaba tahsil olayapti.
Muhokamalar davomida Germaniyadan sayyohlarni mamlakatimizga jalb etish maqsadida O'zbekistonning turizm salohiyatini birgalikda targ'ib etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida o'zaro aloqalarni yanada kengaytirish va qonuniy mehnat migratsiyasini rivojlantirish maqsadida 2024-yilda O'zbekiston fuqarolarini ishga olish miqdorini 500 nafarga yetkazish, mamlakatimizdagi o'quv markazlari sonini ko'paytirish hamda sayyohlik sohasida hamkorlikni boshlash bo'yicha kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi