O'zbekiston hududlari va Yaponiyaning Oita prefekturasi o'rtasidagi sheriklik yangi bosqichga ko'tariladi
Aprel 21, 2025. 20:00 • 2 daq
• 109
OITA, 21-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi delegatsiyasi tashrif bilan ushbu mamlakatning Oita prefekturasiga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar Yaponiya hududlari bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ta'lim va turizm sohalaridagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, sheriklikning yangi salohiyatli yo'nalishlarini belgilab olish maqsadida tashkil etildi.
Tashrif davomida Oita prefekturasi mutasaddilari bilan bir qator muzokaralar o'tkazildi, shuningdek, Oita shahrida "O'zbekistonning investitsiya va turizm salohiyati" mavzusida biznes-forum bo'lib o'tdi.
Oita prefekturasi Gubernatori Kiichiro Sato bilan kechgan muloqot chog'ida mamlakatimiz va Yaponiya o'rtasidagi hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud salohiyatni samarali ishga solish va istiqbolli yo'nalishlarda o'zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo'yicha Oita prefekturasi ishbilarmon doiralari bilan investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish, milliy tovarlar eksporti va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida tajriba almashish, turizm salohiyatini o'zaro targ'ib qilish hamda yangi sayyohlik yo'nalishlarini yaratish bo'yicha hamkorlik qilish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Oita shahri meri Shinya Adachi bilan bo'lib o'tgan muloqotda hududlararo iqtisodiy, madaniy, turizm, ta'lim va qonuniy mehnat migratsiyasi sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, Oita shahrining geotermal turizm salohiyatidan kelib chiqqan holda, geotermal turizm infratuzilmasini barpo qilish hamda uni boshqarish yo'nalishida ikki tomonlama aloqalar yo'lga qo'yish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Oita Savdo-sanoat palatasi raisi, "ASTEM, Inc." kompaniyasi prezidenti Yasuaki Yoshimura bilan uchrashuv chog'ida O'zbekiston va Oita prefekturasi ishbilarmon doiralari vakillari o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Oita Savdo-sanoat palatasi raisi O'zbekistonda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit, yuqori iqtisodiy salohiyatdan kelib chiqqan holda, Oita prefekturasi kompaniyalarining mamlakatimizda investitsiyaviy faoliyati hamda hamkorligini to'liq qo'llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar shu yilning 10-12-iyun kunlari O'zbekistonda bo'lib o'tadigan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida Oita kompaniyalari vakillarining ishtirokini tashkil etish to'g'risida kelishuvga erishdi.
O'zbekiston diplomatlari safar davomida, shuningdek, "Ritsumeikan Asia Pacific University" vitse-prezidenti Yoshifumi Okamura bilan muzokara o'tkazdi.
Yoshifumi Okamura hozirgi kunda mazkur universitetda 30 nafar O'zbekiston fuqarosi ta'lim olayotganini va ular o'zlarining intizomi, tirishqoqligi hamda faolligi bilan boshqa xorijiy talabalardan ajralib turishini ta'kidladi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat universitetlari o'rtasida akademik aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlari ham ko'rib chiqildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi